Bolalar ombudsmani olti farzandli onaga yordam ko‘rsatdi

O‘zbekiston Bolalar ombudsmaniga Tatariston Bolalar ombudsmanidan murojaat kelib tushgan.

Murojaatda O‘zbekiston fuqarosi N.Q. 20-yil avval doimiy yashash uchun Rossiyaning Qozon shahriga ko‘chib borgani, yong‘in oqibatida uning fuqarolik pasporti yonib ketgani va hech qanday hujjatsiz yashab kelgani qayd etilgan. 

Bu vaqt oralig‘ida uning 6 nafar farzandi tug‘ilgan. Qozon shahri sudining qarori bilan u farzandlari bilan mazkur mamlakatdan majburan chiqarib yuborilgan. 

Tatariston Bolalar ombudsmani hozirda bu ayol 6 nafar farzandi bilan Toshkent shahrida boshpanasiz va pulsiz og‘ir ahvolda ekani va bu oila ijtimoiy hamda boshqa turdagi yordamga muhtojligini bildirgan. 

O‘zbekiston Bolalar ombudsmani xorijiy so‘rovda bayon etilgan holatni atroflicha o‘rganib, vaziyat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va IIVga so‘rov yubordi. 

Ushbu murakkab holat kompleks ravishda atroflicha o‘rganilib, N.Q. va uning 6 nafar farzandiga muammoli masalalarda manzilli ko‘mak ko‘rsatildi. 

Jumladan, ayol va uning farzandlari uchun eng zaruriy yordamlar ko‘rsatildi. Ular oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa maishiy ehtiyojlari uchun zarur vositalar bilan ta’minlandi hamda bu jarayon davom ettirilmoqda. 

Muhimi, Agentlik sa’y-harakatlari bilan oila vaqtinchalik uy-joyga joylashtirildi. Shuningdek, IIV tomonidan N.Q. va uning voyaga yetgan farzandi I.Q. (2006-yilda tug‘ilgan)ga shaxsini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirib berildi. 

Ayol farzandlari bilan Tataristonga qaytish va farzandlari u yerda ta’lim olishni davom ettirishini istayotganidan kelib chiqib, hozirda uning barcha farzandlariga xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilmoqda. 

O‘z navbatida, Bolalar ombudsmani xorijiy hamkasbi bilan N.Q.ning Qozon shahri sudining deportatsiyaga oid qarorining yuqori instansiyada qayta ko‘rilishi, ayol va uning Rossiyada tug‘ilgan farzandlari qonuniy manfaatlarini himoyalash yuzasidan huquqiy ko‘mak ko‘rsatilishiga oid muzokaralar olib bormoqda. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech