Kimlar bepul yuridik yordam olish huquqiga ega?

2023-yil 18-sentyabrda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Qonunning 9 -moddasida davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar doirasi belgilangan.

Unga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega. (Agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar, ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek, mahkumlar bo‘lsa).  

Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar ham bepul yuridik yordam olishi mumkin. (Ularga «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda).  

O‘z huquqlari buzilgan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgani munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslarga ham bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi.  

Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega.  

Adliya vazirligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bilan birgalikda “Bepul (davlat hisobidan) yuridik yordam ko‘rsatish” bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.  

Xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining rahbarlari va advokatlar ishtirok etgan tadbirda ushbu yo‘nalishdagi milliy tajriba bilan bir qatorda AQSH va Yevropa davlatlari tajribasi o‘rganildi.  

Advokatlar va xalqaro ekspertlar tajriba almashish asnosida ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha yangi g‘oya va takliflarni ilgari surdi.  

Adliya vazirligi mas’ul xodimlari O‘zbekistonda bepul (davlat hisobidan) yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi islohotlar haqida ma’lumot berdi.  

Xalqaro ekspertlar “Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordamni tashkil etish va tartibga solishda davlat advokatlar birlashmalarining roli”, “Bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi va tamoyillari”, “Bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlarni tayinlash va ularga haq to‘lash tartibi” mavzularida AQSH va Yevropa davlatlari tajribasi bilan bo‘lishdi.  

Seminarda advokatlar faol ishtirok etib, ekspertlardan sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech