Mehnat migrantlariga qanday huquq va imkoniyatlar yaratiladi?

Bugun Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi yangiliklar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, qonunchilikdagi yangiliklar, aholiga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berildi. 

Davlatimiz rahbarining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berildi. 

Farmonga muvofiq, O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda bitta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etildi. 

2024-yil 1-iyundan “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda, yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

Sug‘urta tashkilotlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi. 

Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi. 

2024-yil 1-iyundan hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi. 

2024-yil 1-sentyabrgacha mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan call-markaz faoliyati tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun call-markaz raqamiga qo‘ng‘iroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi. 

2025-yil 1-iyulgacha O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech