Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – xalqimizning yakdilligi va hamjihatligi asosida yaratilgan bosh siyosiy-huquqiy hujjat

Ertaga Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinganiga bir yil bo‘ladi

Bundan bir yil avval, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganligi tom ma’nodagi tarixiy voqea bo‘lib, unda xalqimizning oliy maqsadi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topdi. Zotan, yangilangan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo qilish strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari muhrlangan, milliy davlatchiligimiz taraqqiyotining ushbu muhim tarixiy bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda konstitutsiyaviy asoslari belgilangan zamonaviy siyosiy-huquqiy hujjat sifatida shakllandi.

Yangilangan Konstitutsiyani O‘zbekiston xalqi hayotining evolyutsion taraqqiyoti jarayonlaridagi hayotiy zarurat sifatida mamlakat, millat va xalq sifatida oldinga borish uchun strategik maqsadlari va joriy rejalarimizni aniqlab olish, huquqiy rasmiylashtirishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, ya’ni adolatli jamiyat, ozod va obod Vatan qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yaqin yetti-sakkiz yil ichida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit borasidagi muammolar hal qilingani, qo‘shni xalqlar bilan oramizdagi munosabatlarning tiklanishi va shu kabi qator ijobiy sa’y-harakatlarning ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasi ta’minlandi. Bu kabi hayot tarzi va davlatchilikdagi yutuqlarni, huquq va erkinliklarni nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimizga ham emin-erkin foydalanishi uchun yetkazishda, albatta, Konstitutsiyamizda yangidan muhrlangan norma va prinsiplarning ahamiyati beqiyosdir.

Aslida ham barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz, bugun butun olam notinch, dunyoda har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar yuzaga chiqmoqda. Bugungi davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qachon va nima bilan tugashini bashorat qilib bo‘lmaydi. Jahondagi qariyb 100 million odam o‘z hayotini saqlash uchun boshqa yurtlarda boshpana izlab yurgani, oziq-ovqat yetishmasligi, energiya resurslari taqchilligi, pandemiya kabi global muammolar rivojlangan davlatlar aholisini ham jiddiy o‘ylantirmoqdaki, bularning bari bizga ham ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9-aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga to‘xtalib, “Jahonda nimalar bo‘layotganini siyosatdan uzoq odam ham ko‘rib, bilyapti. Men siyosatchi emas, degan odam ham shuni ko‘rib, tushunib yetyapti. Juda ko‘p masalalar bor – yechimi yo‘q. Xalqaro maydonda balans buzildi. Qonun-qoidalar mutlaqo o‘zgardi. Hatto do‘stim deb yurgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q bo‘ldi, desak, bu ham adolatli”, – dedi. Shu bois davlatimiz rahbari mamlakatning tinchligini saqlash, aholini daromad va munosib sharoit bilan ta’minlash uchun barqaror va tez sur’atlarda o‘sadigan iqtisodiyotni yaratish kerakligiga alohida urg‘u berdi.

Shu bois, iste’dodlarga boy va mehnatsevar O‘zbekiston xalqi o‘zining ko‘p yillik intilishlarini ro‘yobga chiqargan holda o‘z mustaqil davlatini qurib, o‘z erki yo‘lida tinch va osuda hayot qurish, 2040-yilga borib 50 millionga yetadigan aholi uchun munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlarni yaratishga, bu va boshqa ko‘pdan ko‘p muammolar yechimining mustahkam huquqiy poydevorini Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida muhrlash uchun referendumda yakdil ovoz bergani ham bejiz emasdir.

Yangilangan Konstitutsiyada moddalar soni avvalgi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni xalqimiz takliflari asosida qariyb 65 foizga ortdi va yangilandi. Bosh qomusda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi.

Xalqimizga xos bo‘lgan tarixan shakllangan an’anaga ko‘ra, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi tabiiy. Shu bois ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi.

Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobar ko‘paytirildi. Misol uchun, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi, albatta.

Aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi, umuman, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar oshirilganing o‘zi, aholimiz sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egaligidan dalolat beradi.

Hech bir xalq ilmli va bilimli bo‘lsa hech qachon taraqqiyotdan ortda qolmagan. Shu bois ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirildi, o‘qituvchilar alohida konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar negizida ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topdi. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirildi. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi. Birgina misol, 2017-yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi. Magistratura uchun esa 5 baravar ko‘paydi. 

Nogironligi bor farzandlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutildi. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.

Shu bilan birga bizga ilk bor ta’lim va tarbiya bergan ustozlarimizning nufuzini oshirishga qaratilgan normalar Konstitutsiyada o‘z aksini topdi. Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Buni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qilish bilan biz Uchinchi Renessans uchun huquqiy poydevor yaratdik. Bugun xalqimiz intilayotgan ana shu buyuk maqsadni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shaman, degan har bir yurtdoshimiz, avvalo ushbu poydevorga tayanib, harakat qilishi lozim. Ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishda, yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashda Asosiy qonunimiz ularga beqiyos imkoniyatlar ochib beradi”.

Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo‘tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi. Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati hisoblanadi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilandi.

Bizning nazarimizda, Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanishi ulkan ahamiyatga egadir. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortdi.

Inson huquq va erkinliklari nafaqat qonunlarimizning, balki har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilandi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi. 

Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi mustahkamlab qo‘yildi. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga o‘z roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligini belgilanishi natijasida ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyada har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.

Bundan tashqari, Asosiy qonunda ilk bor davlatning fuqarolarga Internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlandi. Zero, O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 2016-yilda 12,1 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib ikki yarim barobarga oshdi, shuningdek, aholi yashash maskanlari hududining Internet tarmog‘i bilan qamrovi hozirda 98% ga yetgan. 

Umumxalq muhokamasi jarayonlarida bildirilgan taklif va istaklar mazmunan yangilangan Konstitutsiyaning tartibga solish predmetida bevosita va bilvosita aks etgandir. Shu bois Konstitutsiyaviy islohot davlat va uning mansabdor shaxslari oldiga o‘ta mas’uliyatli va keng ko‘lamdagi vazifalar yechimi ustida izchil ishlash kerakligini, yangilangan talablar asosida o‘z faoliyatini Konstitutsiyamizga asoslanib, tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-67-son Farmonida Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, Farmonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishi ko‘rsatib o‘tildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmaganligi vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlandi.

Xulosa sifatida aytganda, bugun yangilangan Konstitutsiyamizning norma va prinsiplarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Taraqqiyot strategiyasi asosida izchil davom ettirilayotgan demokratik islohotlarning ortga qaytmasligi, xalqimiz ravnaqi va yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida astoydil harakat qilishimiz, Yangi O‘zbekiston o‘zining maqsad majburiyatlariga qat’iy sodiqligi yangilangan Asosiy Qonun bilan yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi.

Yangi huquqiy makon asosida quriladigan ertangi kunimiz qanday bo‘lishi, baxtli va farovon kelajakka erishish mazkur yangilangan Konstitutsiyaning ruhiga qanchalik tayanishimiz, uni ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishimizga, normalarini chuqur o‘rganishimiz negizida uning talab va prinsiplarini bevosita qo‘llash hamda rioya qilishimizga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. 

Akmal Raxmanov, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, 

yuridik fanlar nomzodi,

Alisher Karimov, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi eksperti.

Powered by GSpeech