MA’LUMOT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning 2025 birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi yuzasidan monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi:
1. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 78 bandidan 69 bandi (88 %) to‘liq bajarildi, 2 band (3 %) nazoratdan yechildi, 7 bandni (9 %) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
2. 2025-yil 1 yarim yillikda Milliy strategiya doirasida 9 ta qonun, 11 ta Prezident farmon va qarorlari hamda 9 ta Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
3. Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2025-yil o‘tgan davrida davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Jumladan:
Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025-yil 8-fevral kuni tasdiqlangan reja asosida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslarini o‘tkazish belgilandi. Rejaga muvofiq 2025-yilda Jizzax (24–25-fevral), Sirdaryo (26–27-fevral), Navoiy (22–23-may) hamda Toshkent (3-4-iyul) viloyatlarida milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida onlayn va oflayn formatda o‘quv kurslari tashkil etildi. Ushbu o‘quv kurslarida har bir hududdan sudyalar, ichki ishlar, prokuratura tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 274 nafar xodim ishtirok etdi.
- 2025-yil 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida gibrid formatda uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sohasida sud amaliyotini takomillashtirish, shu jumladan majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq jihatlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oliy sud bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 50 nafardan ortiq sudya, jumladan, Oliy sud, tuman va viloyat sudlari vakillari ishtirok etdi.
- 2025-yil 21-22-aprel kunlari Termiz shahri va 24-25-aprel kunlari Farg‘ona shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatorining “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari uchun “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalalarni sud-tibbiy hujjatlashtirish”mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi.
- 2025-yilning 29-aprelidan – 2-mayigacha Toshkent shahrida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida to‘rt kunlik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlarini ta’minlash sohasida faoliyat yuritayotgan davlat organlari va idoralari mutaxassislari uchun o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar vakillari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislaridan iborat 27 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
4. “Yo‘l xaritasi”ning 6-bandini amalga oshirish hamda inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyatni oshirishda va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
Xususan, “Inson huquqlari uyi”da hozirgi kunga qadar jami 25 ta turli mavzulardagi tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbirlardan 5 tasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan yangi chop etilgan adabiyotlarning taqdimoti, 5 tasi kitoblar taqdim etish marosimi, 4 tasi inson huquqlariga oid o‘quv mashg‘uloti, 5 tasi turli mavzularga oid mahorat darsi, uchrashuv, davra suhbati va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardir.
2025-yil birinchi yarmida “Inson huquqlari uyi” tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida nashr etilgan inson huquqlariga oid adabiyotlarni 4 ta axborot-kutubxona markaziga, 2 ta oliy ta’lim muassasasiga hamda turli idora va tashkilotlarga jami 380 nomdagi 1414 nusxa inson huquqlariga oid adabiyot beg‘araz taqdim etildi.
Shuningdek, Milliy markaz tomonidan 8 ta konferensiya materiallari to‘plami va xalqaro hujjatlar to‘plamlari chop etildi.
5. Yo‘l xaritasi”ning 24-bandi ijrosini ta’minlash doirasida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida jami 3 ta tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirlarning barchasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar 2 ta davra suhbati va 1 ta xalqaro jamoatchilik maslahatlashuvi shaklida o‘tkazildi.
Tadbirlarda 150 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillari, BMT tizimiga kiruvchi turli dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar, xalqaro nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakolatxonalari, shuningdek, inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
6. O‘zbekistonda inson huquqlari holati, shu jumladan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazorati rolini oshirish maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan:
· 2025-yil 12-13-may kunlari “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi” belgilangan vazifaga muvofiq Buxoro viloyatidagi hududlarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibiga rioya qilish hamda aholining yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqi masalalari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tuzilgan ishchi guruh tomonidan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ijrosi va fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiyalarga oid tegishli hujjatlar o‘rganildi. Shuningdek, fuqarolarni majburiy ko‘chirishdan himoyalash va ularning munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash holatini o‘rganish maqsadida hududlarda monitoring ishlari olib borildi.
· 2025-yil 23-may kuni Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining bajarilishi yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Oila va xotig qizlar qo‘mitasi hamkorligida Navoiy shahridagi “O‘zbekiston” va “Bunyodkor” mahallalarida aholi o‘rtasida oilada maishiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabardorlik darajasini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.
Ushbu so‘rovnoma o‘tkazilishidan maqsad O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarining amalga oshirilishidagi muammolarni aniqlash, ularning odil sudlovdan foydalanish hamda xotin-qizlar huquqlarni himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligi darajasini o‘rganishdir. So‘rovnomada qariyb 30 ga yaqin respondent ishtirok etib, turli masalalarga bag‘ishlangan 17 ta savoldan iborat anketalarni to‘ldirdi. Shuningdek, fuqarolarning ayni masalaga yondashuvi tahlil etildi hamda bu boradagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalari o‘rganildi.
7. Yo‘l xaritasi”ning 71-bandini amalga oshirish doirasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va ularning tuzilmalari bilan ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, ular bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va bitimlar tuzish ishlari davom ettirildi.
2025-yil 21-22-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi bo‘ldi. Sessiya “Islom hamkorlik tashkiloti dunyo o‘zgarishi sharoitida” shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbirda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, IHT rahbariyati va tuzilmalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Sammit davomida IHT kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sessiyaning asosiy natijalaridan biri 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining to‘qqiz nafar yangi a’zosi saylovi o‘tkazilganidir. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.