1-iyuldan Oʻzbekiston qonunchiligida nimalar oʻzgaradi?

2025-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi taqdim etildi.

Pensiya va nafaqalar oshirilyapti

Pensiya va nafaqalar miqdori, shuningdek kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam toʻlovlari 10 foizga oshirilyapti. Bunda quyidagilar belgilandi:

  • yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 918 ming soʻm;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 012 ming soʻm;
  • kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasining oylik miqdori:

– 360 ming soʻm – 3 yoshgacha boʻlgan bir nafar kichik farzand uchun;

– 275 ming soʻm – 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bir nafar farzand uchun;

– 165 ming soʻm – oiladagi ikkinchi farzand uchun qoʻshimcha;

– 110 ming soʻm – oiladagi uchinchi va har bir keyingi farzand uchun;

kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 ming soʻm.

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 471 ming soʻm.

Pensiyalarni tayinlashning yangi tartibi

Fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarini proaktiv shaklda tayinlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etiladi:

  • fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan pensiyalarni alohida murojaat talab etmagan holda tayinlash;
  • koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga hamda yadroviy poligonlar va boshqa radiatsiya-yadroviy obyektlarda harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida tayinlash;
  • nogironlik pensiyasi tayinlangandan soʻng kamida bir yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning pensiya miqdorini har ikki yilda qayta hisoblashni amalga oshirish.

Shifokorlar ustama oladi

Respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida kasalliklarning ogʻirlik darajasi va davolashning murakkabligidan kelib chiqib maxsus koʻnikmalarni talab qiladigan davolash choralari va yuqori xavf darajasidagi amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarga oylik lavozim maoshlarining 25 foizdan 100 foizgacha ustama toʻlash tizimi joriy etiladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun soliq imtiyozlarini olish osonlashtiriladi

Qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning murojaatisiz proaktiv shaklda qoʻllaniladi.

Veterinariya va fitosanitariya sohasida muhr va shtamplar bekor qilinadi

Veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi. Barcha tartibotlar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.

Chegara orqali mashinada oʻtishda FJMS talab etiladi

Chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish joriy etiladi. Bunda:

  • sugʻurta polisini rasmiylashtirish bojxona organlari axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
  • chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisida sugʻurta polisi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanish sharoitlari yaxshilanadi

2028-yil 1-yanvargacha kichik va oʻrta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan NHH qabul qilishga moratoriy eʼlon qilinadi.

Tadbirkorlik subyektlari uchun yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi NHHlarga nisbatan «yagona sanadan yangi qoidalar« tamoyili qoʻllanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1-yanvar yoki 1-iyul etib belgilanadi.

2028-yil 1-yanvargacha «Birinchi imkoniyat« tamoyili joriy etiladi, yaʼni birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid maʼmuriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Davlat funksiyalarining bir qismi xususiy sektorga topshiriladi

Xususiy sektorga quyidagilar topshiriladi:

  • rieltorlar va baholovchilarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish;
  • sud boshqaruvchisining malaka guvohnomasini berish;
  • baholovchilarga toifa berish;
  • hisoblagichlarni tekshirish;
  • karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) faoliyati;
  • gid (gid-tarjimon), ekskursovod va instruktor-yoʻlboshchiga malaka sertifikatini berish;
  • tibbiy tashkilotlarni akkreditatsiyalash va boshqalar.

Ulushdorlarni himoya qilishning yangi choralari joriy etiladi

Qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar (quruvchilar) tomonidan obyektlarni qurishda ulushli ishtirok asosida ulushdorlar mablagʻlarini jalb etish faqat kadastr organlarida davlat roʻyxatidan oʻtgan obyektni qurishda ulushli ishtirok boʻyicha notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

QQS boʻyicha imtiyoz bekor qilinadi

Yagona tariflar boʻyicha yoʻlovchilarni tashish xizmatlari aylanmasi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz bekor qilinadi.

Bolalar bogʻchalarida kelishni elektron hisobga olish joriy etiladi

Barcha davlat MTMlarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron kelishi, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning ovqatlanish xarajatlarini «Bolalar bogʻchasi« axborot tizimi orqali hisobga olish joriy etiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech