Antaliya forumida O‘zbekiston global miqyosdagi ochiq, barqaror va uzoq muddatli diplomatik siyosatini namoyon etdi

Turkiyada o‘tkazilgan “Antaliya diplomatiya forumi – 2025”da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

“Bo‘linib ketgan dunyoda diplomatiyani qayta tiklash” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda notinch va ziddiyatlarga boy global muhitda diplomatiyaning hal qiluvchi roli muhokama markazida bo‘ldi. 

S.Safoyev forumda O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati, mintaqaviy diplomatiyani mustahkamlash borasidagi yondashuvlari haqida nutq so‘zladi. Global ziddiyatlar fonida xalqaro institutlarning ishonchliligini qayta tiklash, diplomatiya orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash hamda mintaqaviy va global darajadagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

S.Safoyev forum doirasida delegatsiyalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda siyosiy hamkorlik, iqtisodiy integratsiya, yoshlar diplomatiyasi, ekologik barqarorlik va axborot makonida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Global xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik yo‘lida xalqaro hamkorlikni mustahkamlovchi muhim maydonlardan biriga aylangan Antaliya forumida O‘zbekistonning faol ishtiroki davlatimizning mintaqaviy va global miqyosdagi ochiq, barqaror va uzoq muddatli diplomatik siyosatini namoyon etdi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech