Bishkekda TDT diniy idoralari rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

“Anadolu” axborot agentligi xabar berishicha, Qirg‘izistonda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar diniy idora rahbarlari VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Tadbirga Bishkekdagi Kongress markazida Qirg‘iziston muftiysi Abdulaziz Zokirov raislik qildi. Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Bosh muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston vakili mamlakatimiz bosh diniy idorasi o‘z faoliyatini izchil rivojlantirib, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlab borayotganiga alohida urg‘u berdi:

– Tashkilotimiz nafaqat mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot, balki kelajak avlodlar uchun mustahkam zamin yaratish nuqtai nazaridan ham hayotiy ahamiyatga ega. Davlat va hukumat rahbarlari sa’y-harakati bilan jamoamiz turkiy xalqlar birligini mustahkamlash, umumiy manfaatni himoya qilish, islom olamida ro‘y berayotgan voqealarga munosib yondashish yo‘lida dadil qadam tashlamoqda.

O‘zbekiston muftiysi oilaviy muammolarni hal etishda fatvoning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, turk dunyosi iqlim o‘zgarishi, o‘rmon yong‘ini, suv tanqisligi, cho‘llanish, ekologiya muammosi kabi dolzarb masalalarga duch kelayotganini qayd etdi.

TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev turk-islom qadriyatlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, islomofobiya va radikalizmga qarshi kurashish, shuningdek diniy muassasalar hamkorligini mustahkamlash muhimligiga e’tibor qaratdi.

A’zo davlatlar diniy idora rahbarlari VI yig‘ilishi Fatvo kengashi tomonidan qabul qilingan yakuniy hujjat ma’qullandi.

O‘zbekiston taklifi bilan iqlim o‘zgarishi, tabiatni muhofaza qilish va atrof-muhit muammosini hal etishga da’vat etildi. Navbatdagi yig‘ilish Ozarbayjonda o‘tkazilishi belgilandi. Eslatib o‘tamiz, ilk anjuman 2022 yilda Istanbulda, so‘ngra Turkiston (Qozog‘iston), Boku, Shusha (Ozarbayjon), Ostona (Qozog‘iston) va Toshkent (O‘zbekiston)da tashkil qilingan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech