BMT Davlat xizmati forumi: tizim modernizatsiyasi, transformatsiyasi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda jiddiy qadam

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu joriy yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan BMT Davlat xizmati forumida namoyon bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar siyosatini ta’minlash yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri Alisher Eranov shu haqda ma’lumot berdi:  

– Forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi – BMTning O‘zbekiston bilan davlat xizmati sohasida shakllanayotgan mustahkam hamkorligining amaldagi namunasidir.  

Forumda dunyoning turli mamlakatlaridan yuqori lavozimdagi davlat xizmatchilari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy-akademik doira vakillari, kompaniyalar hamda innovatsiya yetakchilari ishtirok etishi kutilmoqda.  

BMT homiyligidagi ushbu forum nafaqat davlat boshqaruvida innovatsiyalarni joriy etish, balki xalqlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va tajriba almashish uchun ham katta imkoniyatdir.

Ushbu nufuzli forum uchun nega aynan O‘zbekiston tanlandi? 

Ma’lumki, har qanday davlatning barqaror rivojlanishida amalga oshirilayotgan manzilli islohotlarning o‘rni katta. Jumladan, so‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida barcha sohalarda tizimli islohotlar olib borilmoqda.  

Davlat xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda bugungi kun talablariga moslashtirish vazifasi kun tartibidan o‘rin egalladi. Davlat xizmati transformatsiyasi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilga asoslandi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “davlat – jamiyat”, “rahbar – fuqaro” munosabatlarining yangi shakli yuzaga keldi. Maqsad – rahbarlarni xalq bilan yuzlashtirish, mansabdorlar bilan fuqarolarni bir-biriga yaqinlashtirish, joylardagi muammolarni sinchkovlik bilan o‘rganish asosida xalqchil qarorlar qabul qilishga qaratildi.  

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi falsafasi o‘zgardi. Ilgari davlat birlamchi bo‘lib, odamlarga siyosatni amalga oshiruvchi vosita, deb qaralar edi. Shuningdek, kadrlar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlar institutsional o‘zgarishlardan boshlandi.  

2019 yil 3 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish hamda rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul organ etib belgilandi.  

Agentlik zimmasiga professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish, kadrlar bilan ishlashning innovatsion usullarini joriy etish, kadrlar tarkibining son va sifat xususiyatlarini yaxshilash kabi qator vazifalar yuklatildi.  

2022 yil 8 avgustda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun sohadagi ko‘pgina muammolarga  huquqiy yechim bo‘ldi.  

Kadrlar bilan ishlash sohasida 160 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash, vakant lavozimlarni ochiq tanlov orqali to‘ldirish tizimlari joriy etildi. Rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash tizimi yaratildi.  

Davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashkiliy tuzilma – “mahalla yettiligi” tashkil etildi. Ushbu tuzilma mahallalardagi muammolarni erta aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi bilan bevosita ishlashni samarali tashkil etishga yo‘naltirildi.

O‘zbekistonda davlat xizmatini natijadorlikka yo‘naltirish maqsadida ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, boshqaruv xodimlari 30 foizga qisqartirildi, 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 150 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi.  

Davlat tashkilotlari tomonidan 110 dan ortiq hujjatni talab qilish bekor qilindi. «Elektron hukumat»ning Yagona identifikatsiyalash axborot tizimi foydalanuvchilari soni deyarli 12 million nafarga yetib, u orqali davlat idoralarining 750 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.  

Tizimdan kunlik foydalanishlar soni 225 mingni tashkil etmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 750 turdagi xizmat onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda.  

2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijroiya organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston ushbu sohadagi islohotlarni davom ettirish yo‘lida sobitqadam.  

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning ko‘hna, boqiy va tarixiy shahri Samarqandda BMTning Davlat xizmati forumi  (“UN Public Service”) o‘tkazilishi mamlakat uchun davlat xizmatlari tizimini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishda jiddiy qadam bo‘ladi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech