Bolalar huquqlari Konstitutsiyada mustahkam kafolatlangan

Kelajakning egasi, ertamizning yorqin chirog‘i bo‘lguvchi bolalarimizning bugungi baxti, kamoloti, salomatligi, xursandchiligi hamma narsadan muhim. Bugun farzandlarimiz uchun yo‘naltirilgan sarmoya, ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ertaga, albatta, o‘z natijasini beradi.

Shu maqsadda mamlakatimizda o‘g‘il-qizlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, erkinliklarini himoya qilish, bilim va kasb-hunar o‘rganishi, o‘zini namoyon etishi uchun sharoitlar yaratish masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratiladi. Bugun har bir bola davlatimiz himoyasida. Buning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlab qo‘yilganini alohida e’tirof etish lozim. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizda alohida bir bob "Oila, bolalar va yoshlar" masalasiga bag‘ishlangan.  

Unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib beradi.  

Shuningdek, Konstitutsiyamiz bilan majburiy mehnatni taqiqlash bo‘yicha kafolatlar yanada kuchaytirilgani barobarida bolalar mehnati taqiqlangani xalqaro darajada e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Bolalarni har qanday shakldagi mehnat jarayonlariga jalb etish bartaraf qilinib, ularni faqat va faqat bilim olishga, sport, san’at, kitobxonlik, umuman, foydali mashg‘ulotlarga jalb etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.  

Farzandlarimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik Konstitutsiyamizning yana bir qator moddalarida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, 77-moddada ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.  

Darhaqiqat, bugun demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlarini ta’minlash eng birinchi galdagi vazifalardan sanaladi. Bu borada ota-onasidan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishi uchun sharoitlar yaratishga ham alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Oilaviy bolalar uylariga tarbiyaga berilgan bolalarning ijtimoiy yordam, ta’lim va sog‘lomlashtirishga bo‘lgan huquqlari konstitutsiyaviy darajada himoyalanib kelinmoqda. Shu bilan birga, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi e’tiborga molik jihatlardan biridir.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 78-moddasida farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bilan birga, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi ham Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topgan.

Darhaqiqat, davlat bola huquq va manfaatlarining himoyasini, har tomonlama rivojlanishiga sharoit yaratishni o‘z zimmasiga olar ekan, buning uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Bosh qomusimizda farzandlarimizning haq-huquqlariga oid mustahkamlangan normalar yosh avlod vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini, iste’dodini yuzaga chiqarishga, manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ushbu konstitutsiyaviy normalar yurtimiz farzandlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ko‘lamidan darak beradi.

Bolalarimizni himoya qilish, ularning haq-huquqlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar samarasi esa bugun yurt farzandlari barcha sohada erishayotgan yuksak marralarda o‘z ifodasini topmoqda. Davlatimiz o‘z farzandlariga qanot bo‘lishi asnosida ertaning mustahkam zaminini, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etyotir. Xalqimizning bolajonligi, farzandlariga mehru e’tibori, g‘amxo‘rligi, davlatning yaratayotgan imkoniyatlari esa yosh avlod vakillariga katta motivatsiya bo‘lishi shubhasiz.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech