Toshkentda 10 sentyabr kuni “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi ish boshladi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan AQSHning “Love Your Neighbor Community” – LYNC nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbir 2022 yil Toshkent, Samarqand va Buxoroda o‘tkazilgan, keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’tirof etilgan “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan anjumanning mantiqiy davomidir.
Dunyoning 15 davlati, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlaridan 50 nafarga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olimlar va ekspertlar, qator yuqori martabali shaxslarni jamlagan mazkur forum jamiyatda tinchlik, totuvlik va barqarorlikni saqlashning muhim omili sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan. Anjuman davomida vijdon va e’tiqod erkinligini ilgari surish, diniy belgilar bo‘yicha kamsitishga qarshi kurashish, konfessiyalararo ishonchni mustahkamlash masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ladi.
Tadbir ayniqsa, geosiyosiy keskinlik, bloklar o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib, mafkuraviy kelishmovchilik chuqurlashib borayotgan tez o‘zgaruvchan dunyo sharoitida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, sohaning yetakchi xorijiy mutaxassislari ta’kidlashicha, konfessiyalararo hamjihatlikning barqaror modelini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakatlar, xususan O‘zbekistonning ijobiy tajribasini o‘rganish va ommalashtirish juda muhim.
– Ushbu forumni nihoyatda muhim, deb hisoblaymiz, chunki Toshkentda so‘nggi o‘n yil ichida qabul qilingan yettita deklaratsiya muhokama qilinyapti, – dedi AQSH poytaxti Vashingtondagi Muhammad masjidi imomi Tolib Sharif. – Mazkur anjuman aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Zero, mamlakatingiz qisqa vaqt ichida ayni sohada ulkan islohotlarni amalga oshirdi. Umid qilamizki, tinchlik va global barqarorlik, diniy erkinlik va inson huquqlari mavzularida olib borilayotgan navbatdagi muloqotimiz butun dunyo bo‘ylab aks-sado beradi. Shu jihatdan tadbir nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, barcha hamkorlar umumiy maqsad – barqaror rivojlanish, xalqlararo o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishimiz zarur.
Mutaxassislar diniy erkinlikni himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmi, davlat va diniy tashkilotlar muloqoti qanday yo‘lga qo‘yilishi xususida so‘z yuritarkan, dunyoviylik tamoyiliga amal qilish, diniy e’tiqod asosida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik nafaqat huquqiy me’yor, balki ijtimoiy ishonch va hamjihatlik garovi ham ekani alohida qayd etildi.
Fuqarolik jamiyatining konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga qo‘shadigan hissasi mavzusi davlatning sohadagi o‘rni haqidagi munozaraning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu borada nodavlat tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim muassasalari o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash madaniyatini shakllantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi tahlil qilindi.
Bugungi kunda turli diniy jamoalar vakillari o‘rtasida muloqot o‘rnatishga yordam berayotgan muvaffaqiyatli tashabbus va loyihalarga oid misollar ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu amaliyot yaqqol ko‘rsatadiki, aynan fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki ishonchni mustahkamlash jarayoniga barqaror va hayotiy tus beradi.
13 sentyabr kuni forum yakunida jahon hamjamiyatiga qaratilgan yakuniy Murojaatnoma qabul qilinadi. Mazkur hujjatda diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish, diniy e’tiqod asosida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish vositasi sifatida diniy ma’rifatni rivojlantirish, e’tiqod erkinligini insonning universal huquqi sifatida tasdiqlash hamda diniy va madaniy farqdan qat’i nazar, barcha insonlar teng huquqliligini rag‘batlantirish chaqiriqlari jamlanadi.
Umuman, “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi natijasi global xilma-xillik sharoitida diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va barcha xalqlar tinch-totuv yashashini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Ertaga ishtirokchilar Samarqand shahriga yo‘l oladi va mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy, diniy-falsafiy merosi bilan tanishadi. Dastur asosida turli konfessiyalarga tegishli ob’ektlar bo‘ylab ziyorat, diniy jamoalar vakillari bilan suhbatlar rejalashtirilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 11.09.2025
- Ko'rishlar: 127
- Chop etish