Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov dunyoning ko‘plab burchaklarida konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda forum turli diniy qarashlarga ega bo‘lgan odamlarni o‘zaro hurmat, vijdon erkinligi va bag‘rikenglik madaniyatini qaror toptirish yo‘lida birlashtiradigan noyob maydonga aylanayotganini ta’kidladi.
U o‘z nutqida joriy forum 2022 yilda boshlangan tashabbusning davomi bo‘lib, uning natijasi sifatida BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tan olingan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinganini eslatib o‘tdi.
Anjumanning maqsadlari xususida so‘z yuritarkan,E.Aripov forumning asosiy vazifasi ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini ilgari surishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iboratligiga e’tibor qaratdi.

– Forumimizni aynan “Muloqot” deb atashimiz ramziy ma’no kasb etadi, -dedi u. – Chunki deklaratsiyalar so‘zlar kuch-qudrat kasb etganda va niyatlar umumiy yo‘nalishga aylangandagina vujudga keladi. Biroq bunga olib boradigan yo‘l har doim ishonchli suhbatdan boshlanadi, undan esa tashabbuslar, loyihalar va hamkorliklar yetishib chiqadi.
Ekspert fikrini davom ettirarkan, bunday yondashuvlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ko‘p jihatdan uyg‘un ekanligini ta’kidladi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish strategiyasi doirasida inson huquqlarini himoya qilish, jumladan, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

SMTI rahbarining ta’kidlashicha, bu masalaga jamiyatning barqaror rivojlanishining poydevori sifatida qaralmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy sohada jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Bundan tashqari, Haj ziyoratini amalga oshirish uchun ajratilgan kvotalar ikki barobarga ko‘paytirildi, shuningdek, qo‘shimcha ravishda yana 3 ta oliy islom ta’lim muassasasi ochildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston vijdon erkinligi kafolati radikallashuv va diniy asosdagi mojarolar xavfini kamaytirishiga ishonadi. Davlat ham bunga hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning asosiy omili sifatida qaraydi.
So‘zining yakunida SMTI direktori forum doirasidagi muloqot tinchlik va hamjihatlik muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishiga, forumning yakuniy hujjati esa umuminsoniy qadriyatlarni global darajada ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 11.09.2025
- Ko'rishlar: 134
- Chop etish