Endi qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat 2 ta tashkilotdan xulosa olinadi

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda 2025 yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Xususan, joriy yilda hududlarda jami 8,1 million kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 135 ming kvartirali uy-joylar quriladi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 28 ming 219 xonadonli, renovatsiya hududlarida 20 ming xonadonli, “Yangi Toshkent” hududida 15 ming xonadonli, uy-joyga talab yuqori boshqa hududlarda 71 ming 781 xonadonli uylar barpo etish belgilandi.

Shuningdek, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari ajratilmoqda.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish maqsad qilingan.

Ushbu qurilish tashkilotlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

– 2025 yil 1 martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Farmonga muvofiq 2025 yil 1 maydan boshlab “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish doirasida yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

Yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik, qurilish ishlarini boshlashga esa 3 oylik muddat belgilanadi. Shuningdek, unda qurilishni yakunlash va ob’ektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatib o‘tiladi.

Auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan, qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar bo‘lgan jarayonlar to‘liq onlayn rejimda “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi.

– Endilikda qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda davlat yong‘in nazorati organlaridan xulosa olinadi, – deydi Saidnosir Usmonov. – Yana bir muhim jihat. Endi inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan va u tomonidan nazorat qilinadigan ko‘p kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinmoqda. 2025 yil 1 martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi. Ya’ni, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.

Shuningdek, mulkdorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi. Ya’ni, buzilayotgan turarjoy ob’ektlari o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida ko‘chish, jumladan, boshqa turarjoy ob’ektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplash, buzilayotgan ob’ektining bozor qiymatini to‘liq qoplab berish. Qolaversa, renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etishi ham mumkin bo‘ladi.

Farmon bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga 2025 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish jarayonlarini birlashtirish hamda buning hisobiga ushbu ishlar uchun talab etiladigan vaqtni 2 baravarga qisqartirish vazifasi yuklandi.

Bundan tashqari, tajriba natijalaridan kelib chiqib,  2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy qilish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkasini realizatsiya qilishdan boshlab undan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi raqamli platformani test rejimida ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, 2025 yil 1 mayga qadar “yashil” standartlar asosida qurilgan uy-joylarni baholash va sertifikatlash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu muhim hujjat odamlarning mulk huquqini himoya qilishni yanada kuchaytirish, uy-joylar bilan ta’minlashni rivojlantirish kabi maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Powered by GSpeech