Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Genderga yo‘naltirilgan siyosat va byudjetlarni ilgari surish: O‘zbekistonda shaffof, inklyuziv va hisobdor boshqaruv sari” loyihasi rasman ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va halqaro tashkilotlar mas’ullari, mutaxassislar hamda ekspertlar mazkur loyihaning maqsad-vazifalari va undan kutilayotgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat byudjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Eshonqulov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, “BMT-ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Eliza Fernandes Sayens, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Mahl va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur loyihaning tatbiq etilishi nafaqat gender tengligi siyosatini yuritishda amaliy natijalarga erishish, balki tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish (GRB) gender tengligi maqsadlarini davlat siyosati, rejalashtirish, byudjetlashtirish, monitoring qilish, baholash va auditga muntazam ravishda kiritishni nazarda tutuvchi strategik siyosat yondashuvi hisoblanadi. Ushbu yondashuv ayollar hamda erkaklar hukumat resurslaridan teng foydalana olishini ta’minlash uchun resurslarni moslashtirishga qaratilgan.
–Mamlakatimiz hukumati 2026 yil byudjet dasturlariga gender tengligi indikatorlarini kiritish ustida ham ish olib bormoqda. Genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishning joriy etilishi orqali davlat moliyasi boshqaruvini takomillashtirish, jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda samarali va inklyuziv davlat boshqaruvini ta’minlash, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari, ayniqsa, 5-maqsad gender tengligiga erishishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda mustahkam institutsional majburiyat, ishonchli ma’lumotlar va barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu jarayonga rahbarlik qilishga tayyor ekanini bildirib, BMT Ayollar tashkiloti, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro sheriklarga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovlari uchun minnatdorlik izhor etadi. Birgalikda O‘zbekistonning kelajagi uchun adolatli, inklyuziv va hisobdor davlat boshqaruvi tizimi yaratish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda, – dedi Sh.Eshonqulov.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur loyiha 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, u “BMT-ayollar” tuzilmasi (UN Women), Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Qiymati 150 ming yevroni tashkil etgan ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Loyihaning umumiy maqsadi siyosat va byudjet jarayonlarining barcha bosqichlarida gender nuqtai nazarini tizimli va barqaror birlashtirish orqali ayollar hayotini, turmush tarzini yaxshilashdan iborat. U milliy SDG ustuvor maqsadlariga muvofiq gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha milliy va xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishni rivojlantirishga yordam beradi.
– Biz Yevropa Ittifoqi sifatida O‘zbekistonda davlat moliyasi boshqaruvi sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ushbu ikki yilga mo‘ljallangan loyiha mamlakatning milliy byudjetini shakllantirish jarayonida gender tengligi tamoyillarini joriy etishga yordam beradi va moliya tizimini yanada mustahkamlaydi. Tashabbusning muvaffaqiyati uchun siyosiy iroda va institutsional majburiyat muhimdir. Bundan tashqari, raqamli vositalar orqali gender indikatorlari va monitoring tizimlarini joriy etish fuqarolar va manfaatdor tomonlarga byudjet jarayonlaridagi tenglik masalalarini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Mazkur loyiha va uning ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyormiz, – dedi Toyvo Klaar.
Tadbirda “BMT-ayollar” tuzilmasining O‘zbekiston bo‘yicha vakili Jeren Guven mazkur loyiha haqida taqdimot qildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 26.05.2025
- Ko'rishlar: 367
- Chop etish