Googlening 200 dan ortiq xodimi ogohlantirilmasdan ishdan bo'shatildi

Google uchun sun'iy intellekt mahsulotlarini baholash va takomillashtirish ustida ishlayotgan 200 dan ortiq xodim ogohlantirilmasdan ishdan bo'shatildi, deb xabar beradi Wired jurnali.

Sobiq xodimlarga ko'ra, bu ishdan bo'shatish kompaniyaning yomon mehnat sharoitlari, jumladan, past maosh va ish xavfsizligi ta'minlanmagani tufayli yuzaga kelgan noroziliklarni bostirish harakatlarining bir qismi sifatida ko'rilmoqda. Aytilishicha, bu muammolar xodimlarning ruhiyati va o'z vazifalarini samarali bajarish qobiliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatgan.

So'nggi bir necha yil ichida Google minglab pudratchilarga Gemini chatbotining javoblarini tahlil qilish, tahrirlash va tuzatishni o'z ichiga olgan sun'iy intellektni baholash vazifalarini faol ravishda autsorsing qildi. Bu ish Yaponiyaning Hitachi sho'ba korxonasi GlobalLogic va boshqa uchinchi tomon firmalari kabi autsorsing kompaniyalari orqali amalga oshirildi, deb xabar berdi gazeta.ru.

Ishdan bo'shatilgan xodimlardan biri Endryu Lozonning nashrga aytishicha, uning tizimlarga kirishi to'satdan to'xtatilgan va bunga sabab sifatida “loyihani tugatish” ko'rsatilgan, biroq u bu izohni noaniq deb hisoblagan. Lozon, shuningdek, GlobalLogic bu yil muntazam ravishda xodimlarni ishdan bo'shatishni boshlaganini ta'kidladi. Bu xodimlarda ish bilan ta'minlanish kafolatlarining yo'qligi va ish joyida himoyalanmaganlik hissi bilan bog'liq chuqur tashvish uyg'otmoqda, chunki ular istalgan paytda ishdan bo'shatilishi mumkinligini anglamoqda.

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati» 

Powered by GSpeech