Munosabat
Mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyot darajasida mustahkamlangan. Shu bois, oxirgi yetti-sakkiz yilda ijtimoiy davlatning asosiy talablari amalda to‘liq qo‘llanilmoqda.
Xususan, ijtimoiy davlat sifatida sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlarni aholimiz kundalik turmush tarzida his qilib yashamoqda.
Buni birgina tibbiyot va ta’lim sohalaridagi islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. So‘nggi yetti-sakkiz yilda tibbiyot va ta’limga ajratilayotgan mablag‘lar 6-7 karra oshirildi. Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan kompleks tizim yaratildi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish bilan bog‘liq amaliyot hududlarda bajarilmoqda. Oldinlari ushbu amaliyot uchun fuqarolar vaqti va mablag‘ini tejab poytaxtga kelishga, yoki xorijiy davlatga borib davolanishga majbur bo‘lar edi.
Shuningdek, maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi. Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi.
Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar farzandlari ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, har yili 2 ming nafar xotin-qizning oliy ta’lim olishdagi xarajatlari qoplab berilmoqda. Yaqin- yaqingacha imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olar edi. Prezidentimiz tashabbusi sabab ularning umumta’lim maktablariga qatnashi uchun ham to‘siqsiz muhit va zarur sharoitlar yaratildi.
Daromadi va sog‘lig‘ini yo‘qotib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytirilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash uchun ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘lami kengaytirilmoqda.
Yana bir muhim o‘zgarish bu aholi iqtisodiy imkoniyatining oshganligidir. Bundan besh yil avval 23 foiz yoki 7,5 million nafar aholimiz daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmas edi. O‘tgan davrda 3,5 million fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratilib, kambag‘allikni 11 foizga tushirishga erishdik. Kelgusi uch yilda uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida joriy yil byudjetdan 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Yana bir yangilik – yil boshidan buyon ijtimoiy xizmat, yordamlar va imtiyozlarni o‘zida mujassam etadigan yagona “Ijtimoiy karta” tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlangan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili har jabhada aks etib bormoqda. Yuqoridagi misollarga qo‘shimcha ravishda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarini ishonchli muhofaza qilish, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori belgilanishi kabi o‘zgarishlar shular jumlasidandir.
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida kuni kecha “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat aholimizning hayot darajasini yaxshilash, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va daromadlar orasidagi tafovutni kamaytirishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Farmon bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshirilishi belgilandi. Ushbu tashabbus aholining katta qismi uchun nafaqat oziq-ovqat, balki dori-darmon, kommunal to‘lovlarga ham yordam bo‘ladi.
Xususan, bolalar nafaqasi miqdorining oshishi oila byudjetiga sezilarli yengillik olib keladi. Masalan, uch nafar farzandi bor oila oyiga kamida 740 000 so‘m nafaqa oladi. Stipendiya bilan kun kechirayotgan talabalar uchun kitob, transport, ovqat va boshqa ehtiyojlar uchun qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘ladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 05.06.2025
- Ko'rishlar: 449
- Chop etish