Jinoyat protsessida majburlov choralari instituti qanday qo‘llaniladi?

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtirilayotganligi munosabati bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish tizimini yaratishga, “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” tamoyili asosida uni yangi bosqichga ko‘tarishga, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Mazkur qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.

 Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda “Prokuratura to‘g‘risida”gi va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksi yangi bob bilan to‘ldirilib, unda O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish maqsadi va asoslari, O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish, bunday iltimosnomani ko‘rib chiqish, sud ajrimi, O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish yoki cheklashni rad etish kabi normalar bayon etilgan.

Bundan tashqari, “Sudlar to‘g‘risida”gi hamda “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga sudlar tomonidan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish, shuningdek, prokurorlar tomonidan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish va rozi bo‘lgan taqdirda sudlarga kiritishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashga, odil sudlovning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech