Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqni taqiqlaydi

Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni raqamli tahdiddan himoya qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqni cheklash va sun’iy intellektni nazorat qilish bo‘yicha yangi qonun loyihasini ilgari surdi. Bu tashabbus global standartni o‘zgartirishi mumkin.

Ushbu tashabbusga ko‘ra, faqat davlatning qat’iy xavfsizlik standartiga javob bera oladigan platformagina istisno tariqasida ruxsat olishi mumkin. Bu qadam Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib shunday taqiq joriy etgandan bir necha oy o‘tib qo‘yildi. Loyiha nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki SIga asoslangan chat-botlarni ham nazorat qilishni ko‘zda tutadi. Buning uchun maxsus raqamli nazorat idorasi tashkil etilib, qoidani buzgan korxonalarga global daromadning 3 foizi yoki 10 million Kanada dollari ($7.2 mln.)gacha jarima solinadi. Mas’ul vazir Mark Miller ta’kidlashicha, salbiy platformalar bola sog‘lom rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, depressiya, xavotir va yolg‘izlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda. Qonundan ko‘zlangan maqsad yoshlarni haqiqiy hayotdagi muloqotga, o‘qishga qaytarish.

Qonun loyihasi “OpenAI” kompaniyasi ustidan qo‘zg‘atilgan sud da’vosidan so‘ng e’lon qilindi. Ommaviy otishmadan jabrlangan oilalar vakillari da’vo qilishicha, qotil o‘z hujumini “ChatGPT” orqali rejalashtirgan, kompaniya esa bu haqda politsiyani ogohlantirmagan. Mutaxassislar fikricha, Kanadaning ushbu rejasi Avstraliya qonunidan ko‘ra mukammalroq. Ya’ni, yashil qit’ada faqat tarmoqqa kirish cheklandi, Kanada esa butun ijtimoiy tarmoq tizimini bolalar uchun xavfsiz tarzda qayta muvofiqlashtirish va sun’iy intellektni ham jilovlash maqsadini ilgari suryapti. Qonun to‘liq qabul qilinishi va nazorat tizimi ishga tushishi uchun qariyb ikki yarim yil vaqt ketishi kutilyapti.

F.Yaxshiboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech