Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida an’anaviy V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 2021 yildan boshlab har yili aprel oyida an’anaviy “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari tashkil etiladi.
Tadbirda qayd etilganidek, 2025-2026 yil o‘quv yilidan boshlab maktablarda haftaning har shanba kunini “Kitobxonlik kuni” deb belgilash, “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo-yarmarkalari hamda “Jadidlar izidan” respublika tanlovini o‘tkazish, ta’lim muassasalari kutubxonalarining kitob fondlarini o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalari bilan tizimli ta’minlash kabi muhim vazifalar belgilangan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha yozuvchi-shoirlar, ekspert-mutaxassislar, kutubxonachi va pedagog-kadrlardan iborat ishchi guruhi tuzilib, bugungi kunda bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan 50 ta yangi asarlarni yaratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Tadbirda “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident va Ijod maktablariga, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati tarkibidagi Temurbeklar maktabi va Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseylarga taqdim qilindi.
Haftalik doirasida respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, Toshkent shahridagi “Dream park” istirohat bog‘ida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarida “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo-yarmarkalari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, 25-26 aprel kunlari Yozuvchilar uyushmasining “Parkent ijod uyi”da tashkil etiladigan noshirlar va mualliflar uchrashuvida bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 21.04.2025
- Ko'rishlar: 258
- Chop etish