O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi tomonidan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning IT ko‘nikmalarini shakllantirish, bilimlarini rivojlantirish va tajribalarini baholash maqsadida “Yosh dasturchi-2025” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning hududiy bosqichida 100 nafar yoshlar ishtirok etib, ulardan Respublika bosqichiga 10 nafari saralab olindi.
—Ushbu ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan maqsad ko‘zi ojizlar o‘rtasida IT yo‘nalishi, raqamli texnologiyalarni targ‘ib etish, ularning sog‘lom tengdoshlari qatori umumjamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlashdan iborat, — deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev. — Maqsadimiz ovozli dasturlardan foydalangan holda ko‘zi ojiz insonlar ham sog‘lom insonlar qatori axborot texnologiyalarini barcha sohalarda qo‘llash imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatishdan iborat.
Tanlov davomida IT sohasida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan, oliy o‘quv yurtlarida, aspirantura, doktoranturalarda o‘qib, ilmiy ish qilayotgan, ayniqsa, o‘zlari kabi insonlar uchun kerakli dasturlarni yaratayotgan ko‘zi ojiz dasturchilar aniqlandi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 3-o‘rin Xorazm viloyatidan F.Jumanazarovga, 2-o‘rin namanganlik J.Sirojiddinovga, 1-o‘rin esa Toshkent viloyatida yashovchi Sh.Hasanovga nasib etdi.
G‘oliblarga pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA
- Qo'shildi: 26.05.2025
- Ko'rishlar: 378
- Chop etish