YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASI VA BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARI: MILLIY VA XALQARO TAJRIBA

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi” o‘tkazildi. Ushbu muhim huquqiy-ma’rifiy tadbir doirasida Barqaror rivojlanishning O‘zbekistonda qabul qilingan har bir maqsadiga bag‘ishlangan 20 dan ortiq anjuman – xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari, jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi.

Yaqinda Toshkentda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari va nogironlarning ishtirokini kengaytirish” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro anjumanda Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari,  O‘zbekiston ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, fuqarolik jamiyati institutlarining 250 nafardan ortiq vakili, shuningdek, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Forumda asosiy e’tibor 2030 yilgacha O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish bo‘yicha o‘n oltita Milliy maqsadni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqishga qaratildi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama etildi.

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: Barqaror rivojlanish maqsadlarining aks etishi

 

Forumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy qoidalari o‘z ifodasini topgani va bu maqsadlarga erishish uchun zarur konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratilgani, Yangi O‘zbekiston BMTning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibiga o‘zining qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etayotgani buning yaqqol dalolati ekani ta’kidlandi.

Xalqaro forum ishtirokchilari xalqimiz, jamoatchiligimizning keng qatlamlari, shubhasiz, O‘zbekistonda o‘tgan konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskori bo‘lganini, ushbu yangilanishlarning asosiy g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ekanini alohida ta’kidladilar.

Birinchidan, 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barcha nomzodlarning elektorati, ya’ni saylovchilari vakillari bilan uchrashuvlarda hayotning o‘zi talab qilgan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar mantig‘i taqozosi bilan muhim taklif ilgari surildi. Bu –konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifidir.

Xususan, saylovchilar tomonidan insonning ekologik huquqlari, mamlakatimiz aholisining hozirgi va kelajak avlodlarining qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ekologik jihatdan noqulay hududlardagi vaziyatni yaxshilashga doir masalalarning dolzarbligi va hayotiy ahamiyatini hisobga olgan holda, bu huquqlarni mamlakatimizning Asosiy Qonunida aks ettirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Mamlakatimizda inson qadr-qimmatini, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, xususiy mulkni, jumladan, yer va yer osti boyliklarini himoya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan mahalla tizimining roli va mavqeini oshirish, an’anaviy qadriyatlarni kelajak avlodga asrab-avaylab yetkazish, oila institutini mustahkamlash, yoshlarga oid davlat siyosati va gender siyosatini, innovatsion va yashil iqtisodiyot hamda bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritishni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Saylovchilar, shuningdek, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat maqomini belgilash muhimligini qayd etdilar. Binobarin, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, nogironlarni konstitutsiyaviy va ijtimoiy himoya qilishni kengaytirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat qurish, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini ta’minlash, bu borada Konstitutsiya va qonunlar ustunligi tamoyillarini, inson huquqlari ustuvorligi va sud qarorlarining adolatliligini ta’minlashga taalluqli istiqboldagi yangilanishlar shuni taqozo etdi.

Ikkinchidan, saylovchilarning xohish-istaklarini chuqur o‘rganish asosida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar zarurligini bir necha chiqishlarida ko‘rsatib o‘tdi. Davlat rahbarining parlamentga va mamlakat xalqiga yo‘llagan ikkita Murojaatnomasi, ko‘plab ma’ruzalari, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli ilk fundamental mualliflik monografiyasida ushbu g‘oya o‘z ifodasini topgan.

Uchinchidan, siyosiy partiyalar, birinchi navbatda, O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z elektoratining bo‘lajak konstitutsiyaviy islohotlarga munosabati va istaklarini chuqur o‘rgandi. Shu bilan birga, mazkur partiyalarning 1,5 milliondan ortiq a’zosi va ularning elektorati Konstitutsiyani modernizatsiya qilish zarurligini nafaqat qo‘llab-quvvatladi, balki bu boradagi yangilanishlar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsad va vazifalariga erishish, barqaror rivojlanishni ta’minlash, jamiyat va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-gumanitar hayotining barcha sohalarini yanada tezkor va shiddatli isloh qilish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratishning eng muhim sharti ekanini ko‘rsatdi.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish va umumxalq muhokamasining turli bosqichlarida fuqarolar, ilmiy jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, xususiy sektor, davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan 220 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Bu 1992 yilgi umummilliy muhokama jarayonida kelib tushgan takliflar sonidan taxminan 50 barobar ko‘pdir.

Beshinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish va muhokama qilishda, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va mamlakat ilmiy jamoatchiligi vakillari faol ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilarining fikricha, bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimiz aholisining fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlanayotganidan, demokratik institutlar faolligi oshayotganidan darak beradi. Ikkinchi tomondan, bu mamlakat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama jalb etishga asoslangan islohotlar siyosatining ochiqligi va oshkoraligi ortib borayotganidan dalolatdir.

Ishtirokchilar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida Barqaror rivojlanish maqsadlari to‘liq implementatsiya qilingani, ya’ni uyg‘unlashtirilganiga bir qator aniq misollarni keltirdilar. Xususan, Konstitutsiyada inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi normalar mustahkamlangan bo‘lib, bunday normalar Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadiga taalluqlidir. Jumladan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi:

  • mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini va sog‘lom atrof-muhitni ko‘paytirish va asrab-avaylash yo‘lida bugungi va kelajak avlodlar uchun mamlakatimizni yanada konstitutsiyaviy rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish; tabiiy boylik va biologik xilma-xillik, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini yumshatish (Muqaddima, 4-band, 115-modda);
  • har kimning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish (49-modda), shuningdek, fuqarolarning tabiiy muhitga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlari (62-modda);
  • davlatning barqaror rivojlanish tamoyiliga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, shuningdek, ekologik tizimni muhofaza qilish va tiklash, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlari (49-modda) kabi normalarga urg‘u berildi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining ijtimoiy-huquqiy davlat qurish, barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash kabi maqsadlarga oid yangiliklari ham Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan nihoyatda muhimligi e’tirof etildi.

Forum ishtirokchilari taraqqiyot konsepsiyasining o‘zi, birinchi navbatda, barqaror rivojlanish konsepsiyasi inson qadriyati, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari g‘oyalariga asoslangan hamda "avval inson – keyin jamiyat – keyin davlat" degan yangi rivojlanish paradigmasiga tayanadigan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar falsafasining eng muhim tarkibiy qismi, degan xulosaga keldi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik ustunlarga tayangan g‘oyalari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bog‘lovchi bo‘g‘ini bo‘lib, mamlakatning ana shunday kompleks strategik rivojlanish dasturlari, xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston –2030” strategiyasi bilan uyg‘unligi ta’kidlandi.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining beshta yo‘nalishi nafaqat BMTning “2030 yilgi kun tartibi”ga mos keladi, ayni chog‘da  barqaror rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston milliy maqsad va vazifalarining barchasini to‘liq qamrab oladi. Forum ishtirokchilari ushbu Strategiya va uning 100 ta maqsadi xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish, har bir fuqaroning o‘z salohiyatini rivojlantirishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy yetuk avlodni voyaga yetkazish, jahon ishlab chiqarishining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan, adolat va qonun ustuvorligini, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlayotgan qudratli iqtisodiyotni shakllantirish, har bir fuqaroning o‘z salohiyatini yuksaltirishga bo‘lgan intilishlarini ifoda etishini alohida qayd etdilar.

Shu nuqtai nazardan, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo V.Bryus BMT Bosh kotibi A.Guterrishning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalari nihoyatda ko‘lamdorligi hamda uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos kelishi to‘g‘risidagi so‘zlarini eslatar ekan, “BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor” deb ta’kidladi. Bunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy tamoyili “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” hamda muhim g‘oyasi “Hech kimni ortda qoldirmaslik” ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Konsuelo V.Bryusning e’tiroficha, Barqaror rivojlanish maqsadlari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda mamlakatimizni rivojlantirishning boshqa muhim milliy strategiya va konsepsiyalarida ham to‘liq mujassamlashgandir.

 

Barqaror rivojlanish maqsadlari va fuqarolik jamiyati institutlari

 

Xalqaro forum ishtirokchilari barqaror rivojlanish maqsad va vazifalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati ishtirokini izchil kengaytirish tendensiyasini qayd etdilar. Binobarin, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining o‘zi ham “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini amalga oshiruvchi fuqarolik jamiyatining ishtiroki va hamkorligi konsepsiyasiga asoslangandir.

Agar BMT tashkil etilishi asnosida taxminan 240 ta nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) bilan maslahatlashuvlar tashkil etilgan bo‘lsa, bugungi kunda 6 ming 494 ta NNT maslahatchi maqomiga ega. Birgina 2023 yilning o‘zida BMTning Nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘yicha qo‘mitasi 560 ta NNT arizalarini ko‘rib chiqib, shundan 214 tasiga maslahatchi maqomini berdi.

Ekspertlar ta’kidladilarki, so‘nggi 20 yilda BMT Bosh Assambleyasining 60 dan ortiq rezolyusiyasi, shuningdek, xalqaro shartnomalar davlatlarga inklyuziv va ochiq jamiyat yaratishda ko‘maklashish, fuqarolik jamiyatining rolini tan olish va ularga barqaror rivojlanishda faol ishtirok etishi, erkin rivojlanishi va faoliyati uchun qulay siyosiy, tashkiliy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgandir.

Dunyoda “uchinchi sektor”ning iqtisodiy taraqqiyotga, ijtimoiy, gumanitar, ekologik va boshqa sohalardagi dolzarb muammolarni hal etishga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotgani tendensiyasiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Oxirgi 4 yilda dunyoning ayrim mamlakatlarida iqtisodiyot va yalpi ichki mahsulot rivojiga “uchinchi sektor”ning hissasi 2-2,5 barobar, xususan, Kanadada bu ko‘rsatkich YaIMning 8,1 foizi, Fransiyada – 4,7 foizi, Braziliyada – 4,4 foizi miqdorida oshdi.

Notijorat sektorda bandlikning o‘sish sur’ati ham iqtisodiyotdagi bandlikning o‘sish sur’atlaridan sezilarli darajada, ayrim mamlakatlarda hatto ikki marta oshib ketdi. Bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari turli tarmoqlar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qashshoqlikka barham berish, inson huquqlari va gender tenglik va boshqa ko‘plab sohalarda barqaror rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi M.Prabxat Hindistonning fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tajribasi haqida so‘z yuritdi. Xususan, milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish monitoringi, jumladan, Ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlash borasidagi amaliyotga misollar keltirdi. 

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Siyosat, matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i M.Kacherauskis butun dunyoda fuqarolik institutlari islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgani, hukumatlarni hisobdorlikka da’vat etayotgani xususida alohida to‘xtaldi. Fuqarolik jamiyati institutlari global muammolarning yechimini izlashda, xususan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish davomida inklyuziv jamiyatni shakllantirish, shuningdek, nogironlarga yordam ko‘rsatish, ijtimoiy sohada ularning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etish orqali hissa qo‘shadilar.

M.Kacherauskisning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgani ulkan yutuq bo‘lib, bu mamlakatda insonlar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilayotgan siyosatning samaradorligidan dalolat beradi. Ushbu qadam Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtiradi.

Shu bilan birga, Konvensiyani amalga oshirish masalalari muhokamasi nafaqat davlat organlari, balki nodavlat notijorat tashkilotlari ham ishtirok etadigan platformada olib borilmoqda. Muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar asosida zarur hujjatlar qabul qilinadi.

Mazkur qonun hujjatlari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun dolzarb bo‘lgan transport vositalari va kompyuter texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangani muhim. Ayni masalalar bugungi kunda taxminan 7-8 million nafar nogiron inson yashaydigan Yevropa Ittifoqi uchun ham dolzarbdir.

Xalqaro forum ishtirokchilari O‘zbekiston tajribasini, nogironligi bo‘lgan shaxslarning sha’ni va huquqlarini, mustaqilligi va tanlash erkinligini ta’minlash, shu jumladan nogiron bolalarni himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida faol ish olib borayotgan 600 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini ijobiy baholadilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini monitoring qilish va amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida ta’kidlandi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakili O.Dutinxem O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda nogironligi bo‘lgan shaxslar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirishning alohida ahamiyatini ta’kidladi.

“Taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar sifatida Germaniya hukumati inklyuziv rivojlanish siyosati zarurligini hech kim ortda qolmasligini ta’minlashning dastlabki sharti sifatida tan oladi. O‘zbekiston – Germaniya hamkorligining e’tiborga molik yutuqlaridan biri O‘zbekistonda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, inklyuzivlikni oshirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirishga nemis investitsiyalarini jalb qilishdir. Aynan inklyuzivlik va teng ishtirok etish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy tamoyillari hisoblanadi. Buning asosiy yo‘nalishi aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi va, albatta, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidir”, deb qayd etdi O.Dutinxem.

Xalqaro migratsiya tashkiloti eksperti S.Brestovitskiy ham xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani rag‘batlantirish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyatining hissasi kattaligini e’tirof etdi. Uning fikricha, ushbu sohada Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muhim xalqaro-huquqiy hujjat sifatida 2016 yil 19 sentyabrda qabul qilingan Qochoqlar va migrantlar to‘g‘risidagi Nyu-York deklaratsiyasidan foydalaniladi. “Darhaqiqat, dunyoning har bir mintaqasida fuqarolik jamiyati qochoqlar ehtiyojlarini qondirishda asosiy hamkor hisoblanadi”, dedi S.Brestovitskiy.

Xalqaro konferensiyada fuqarolik jamiyatining taraqqiyotga va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga muhim hissa qo‘shayotgani va faol ishtirok etayotgani haqida yana ko‘plab misollar keltirildi. Ishtirokchilar Barqaror rivojlanish maqsadlarini tezlashtirishning hozirgi bosqichida ushbu sa’y-harakatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladilar.

 

Barqaror rivojlanish maqsadlari: Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston hamkorlipgi

 

Xalqaro anjuman O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining butun dunyo uchun dolzarbligini tasdiqlash jihatidan alohida ahamiyat kasb etdi.

Forum ishtirokchilari o‘z chiqishlarida, xususan, o‘tgan 7 yil davomida:

birinchidan, O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning misli ko‘rilmagan yuqori darajasiga erishilgani, bugungi kunda 140 ga yaqin qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini;

ikkinchidan, O‘zbekiston BMTning qator nufuzli tuzilmalariga a’zo etib saylangani va ularning ishida faol ishtirok etayotganini e’tirof etdilar.

Bunga bir yorqin misol: O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylangach, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha global, mintaqaviy va milliy miqyosda 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta rezolyusiyasi qabul qilingani xalqaro hamjamiyatning alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining navbatdagi tashabbusi asosiy voqea sifatida xalqaro konferensiyaning alohida diqqat markazida turdi. Bu o‘rinda, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish va rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasi loyihasining muhokamasi jarayonlari haqida so‘z bormoqda.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilarining yakdil fikriga ko‘ra, ilg‘or xalqaro tajriba davlat va nodavlat tashkilotlarning yaqin hamkorligi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muvaffaqiyat garovi ekanligini ko‘rsatmoqda.

BMT Bosh Assambleyasining taklif etilayotgan rezolyusiyasi loyihasi bugungi kundagi umumjahon taraqqiyotning ikkita eng muhim qonuniyatini qamrab oladi. Ya’ni:

bir tomondan, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash asosida barqaror rivojlanishni ta’minlash, uning salohiyatini oshirish va ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, shu asosda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik taraqqiyotni ta’minlash;

boshqa tomondan, 2030 yilga qadar kun tartibida belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyatini jalb qilish juda muhimdir. Chindan ham, bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlari hamjamiyati barqaror rivojlanish sohasida umumiy maqsadlarga erishish yo‘lidagi ishlarga jalb etilishi, vakolatlari va roli kuchaytirilishi lozim bo‘lgan global tarmoqdir.

Bosh Assambleya rezolyusiyasi loyihasini ko‘rib chiqqan ekspertlar uni ishlab chiqishda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va uning institutlarini qo‘llab-quvvatlash sohasida dunyoning turli mamlakatlarida mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolar hisobga olinganini ta’kidladilar. Xususan, aksariyat mamlakatlarda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hukumat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida amaliy muloqot mavjud emasligi, ular milliy rivojlanish rejalarini ishlab chiqish jarayonlariga sust jalb etilishi hamda yetarli darajada moliyalashtirilmasligi,  shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining ushbu sohadagi davlat majburiyatlari bajarilishini nazorat qilishda faol va samarali ishtirok etmayotgani kabi omillarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasi loyihasida 2030 yilgacha kun tartibining maqsad va vazifalariga erishish, shuningdek, barqaror rivojlanish yo‘lida global sheriklikni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati kabi institutlarning muhimligi ta’kidlangani alohida ahamiyatga ega. Davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi xalqaro, mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikning mavjud mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining uzoq muddatli va xilma-xil tajribasi, bilim va salohiyati, ayniqsa tahlil qilish va axborot almashish, o‘zaro muloqot va barqaror rivojlanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ibratli amaliyoti tufayli barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga bebaho hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

Forumning milliy va xalqaro ekspertlari fuqarolik jamiyati nuqtai nazaridan qaror loyihasida keltirilgan quyidagi tavsiya va takliflar qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladilar:

birinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, shuningdek, 2030 yilga qadar kun tartibini amalga oshirishda NNT bilan muloqotni, jumladan, qonunchilikni rivojlantirish sohasida hamkorlikni takomillashtirish;

ikkinchidan, davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash. Bu Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun butun jamiyat va davlatning salohiyati va resurslarini jalb qilish va ulardan foydalanishga yordam beradi;

uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosini monitoring qilish va ko‘rib chiqish jarayonlarida, ayniqsa, Ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlashda ishtirok etishiga ko‘maklashish. Ushbu Ixtiyoriy milliy ma’ruzalar qimmatli saboqlar beradi va mamlakatlarga taraqqiyotni kuzatishga yordamlashadi, Barqaror rivojlanish maqsadlari milliy reja va siyosatlariga kiritilishini ta’minlaydi;

to‘rtinchidan, qarorlar qabul qilinishi va ular bajarilishining barcha darajalarida nodavlat notijorat tashkilotlarining real ishtirokini ta’minlaydigan zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirish. Xususan, M.Kacherauskis Yevropa Ittifoqida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning 2 ta strategik yo‘nalishi – fuqarolik jamiyati uchun qulay muhit va shart-sharoit yaratish, shuningdek, ularning salohiyatini oshirish va faoliyatini takomillashtirish belgilab berilganini ta’kidladi. Bu Barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali hal etishning kalitidir;

beshinchidan, NNTni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb etish va ularning ishtirokini ta’minlash, bu borada fuqarolik jamiyatining roli va o‘rnini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish;

oltinchidan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadigan NNT faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini kengaytirish uchun maxsus moliyalashtirish mexanizmlarini, shu jumladan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish” tartibini ishlab chiqish. Xususan, ishtirokchilar BMT Bosh kotibining 2023 yil 18 sentyabrdagi ma’ruzasi global kun tartibida alohida ahamiyat kasb etishini, jumladan, uning Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun global qutqaruv rejasi, "yo‘naltirilgan byudjet" davlat tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishda moliyaviy va boshqa zarur resurslar bilan ta’minlanishi uchun muhimligi, mamlakatlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga o‘tishi zarurligi haqidagi fikrlari dolzarbligini alohida ta’kidladilar;

yettinchidan, Barqaror rivojlanishning barcha 17 maqsadiga mutanosib va yaxlit tarzda erishishni jadallashtirishda fuqarolik jamiyati institutlarining yetakchi rolini rag‘batlantirish, uning uch yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror rivojlanishga erishish tarafdorligini yana bir bor tasdiqlash juda muhimdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyasi loyihasida bu boradagi o‘ndan ortiq boshqa takliflar ham ijobiy baholandi. Hujjat loyihasiga individual tavsiyalar ham berildi.

Shunday qilib, Forum ishtirokchilari ishonch bildirdilarki, “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish va rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya loyihasining ular tomonidan keng muhokama etilgani, shuningdek, kelgusida uning qabul qilinishi barqaror milliy, mintaqaviy va global rivojlanish jarayonlarini yuksaltirishga, ya’ni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga, fuqarolik jamiyati tashkilotlarini tegishli darajada qo‘llab-quvvatlash va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, fuqarolik jamiyati o‘zining tajribasi, ko‘nikma va salohiyati bilan bundan buyon ham taraqqiyot jarayonlarida muhim rol o‘ynab, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shadi. Zero, mushtarak intilishlar va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina mustahkam tinchlik va farovonlikka erishish mumkin. Bugun bizga har qachongidan ham ko‘proq o‘zaro ishonch, hamjihatlik va hamkorlik kerak”.

BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasi loyihasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida parlamentlararo hamkorlik” mavzuidagi Ikkinchi Xalqaro global forum doirasida ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusi ham jahon hamjamiyatining alohida diqqat markazini egallab turganligidan dalolatdir.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

 «Ishonch» gazetasining 2023 yil 8 dekabr kungi 150 (4902)-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech