27-fevral – Butunjahon nohukumat tashkilotlari kuni
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hayotimizning boshqa muhim sohalari va ustuvor yo‘nalishlari qatori faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga oid normalar ham kiritilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad, shubhasiz, mamlakatimizda ochiqlik siyosatini davom ettirishdir.
Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat qurayapmiz. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati kafolatlarining konstitutsiyaviy negizda belgilanishi timsolida ana shu mas’uliyatli jarayonlarda jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy zamin hozirlandi.
Avvalo, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XIII bobi «Fuqarolik jamiyati institutlari» deb nomlandi.
Yangilangan Konstitutsiya timsolida milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berildi. Ushbu institutlar fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlandi.
Asosiy qonunimizning 69-moddasiga ko‘ra: «Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi».
Konstitutsiyaning eski matnida «jamoat birlashmalari» tushunchasiga berilgan ta’rif yanada aniqlshtirildi. Bosh qomusimizning 70-moddasi jamoat birlashmalari faoliyatini kafolatlovchi norma bilan to‘ldirildi.
Endilikda ushbu konstitutsiyaviy moddaga binoan: «O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ularning faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi».
Davlat zimmasiga fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq muayyan majburiyatlar yuklandi. Konstitutsiyaning 72-moddasi birinchi bandiga muvofiq: «Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi».
Shu bilan birga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashmasligi, demakki davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bir-biridan mustaqil ravishda faoliyat olib borishi kafolatlab qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning 72-moddasi ikkinchi bandiga asosan: «Davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi».
Bundan tashqari, Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari qatoridan joy oldi. Konstitutsiyaning 115-moddasi oltinchi bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi: «fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi».
Konstitutsiyaning 36-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi.
Shuni ham qayd etish joizki, Konstitutsiyaning 115-moddasi o‘ninchi bandida hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida: «ijro hokimiyati organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish» vazifasi belgilangan. Bu, o‘z navbatida, ayni jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilishini ham nazarda tutadi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan barcha ezgu amallar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tizimni yanada taraqqiy ettirish, xususan, baxtli va osoyishta, obod va farovon, to‘kis va munosib hayot kechirishimizga bog‘liq barcha masalalar yechimini xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushirishga oid tashabbusi mujassam. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, «Yangi O‘zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir».
Shu ma’noda, yangilangan Konstitutsiyamizning 127-moddasi ikkinchi bandida: «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli», degan normalar mustahkamlangani juda muhim.
Bunda, bir tomondan, mahalla tizimining davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi qat’iy belgilangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mahallalarning qonunga muvofiq va mustaqil faoliyat olib borishi kafolatlangan.
O‘z navbatida, Asosiy qonunimizning 127-moddasi uchinchi bandida davlatning mahallalar faoliyati uchun mas’ul ekani ta’kidlangan. Ya’ni: «Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi».
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bunday kafolatlarning belgilanishi mahallalarga:
birinchidan, o‘z hududini mustaqil boshqarish;
ikkinchidan, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish;
uchinchidan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish;
to‘rtinchidan, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
beshinchidan, aholi farovonligini ta’minlash borasida muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.
Mazkur yangi konstitutsiyaviy normalar fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz hayotidagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishidan dalolat beradi. Bu bejiz emas. Chunki mahallalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi qamrovdor islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishda beqiyos o‘rin tutadi.
Bu haqda fikr yuritganda, xususan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy makonni kengaytirish maqsadida, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablaridan kelib chiqib, 2018-yil 12-aprelda «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganini qayd etish lozim. Ayni yo‘nalishda, shuningdek, bir qator qonunlar yangi davr talablari asosida takomillashtirildi, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi hamda ijroga qaratildi.
O‘z navbatida, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu sohaning joriy va istiqboldagi ustuvor maqsadlari hamda asosiy vazifalari belgilab berildi. Bunda, avvalambor, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 1-maqsadi «Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish», deb nomlanganiga e’tibor qaratish zarur.
Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilish» deb nomlangan. Unda, xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish; vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini «Davlat – xalq xizmatchisi» tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.
Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining «Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish» deb nomlangan 12-maqsadida bu boradagi bevosita muhim bir qator vazifalar nazarda tutilgan. Jumladan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish uchun, xususan, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani ahamiyatlidir.
Bugungi kunda jamoatchilik nazoratining qonuniy asoslari yanada mustahkamlanmoqda. Shu asosda jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllari, ularni amalga oshirish mexanizmlari izchil joriy etilayotgani juda muhim. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, «jamoatchilik nazorati bu — faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir».
Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlar kasbiy faoliyatining himoyasi ham izchil kuchaytirilmoqda. Bu maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibi joriy qilinayotgani e’tiborlidir.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni yanada kuchaytirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Taraqqiyot strategiyasining 89-maqsadi «Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash» deb atalgani katta ahamiyatga ega.
Ayni yo‘nalishda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham muhim maqsad va vazifalar nazarda tutilgan. Bunga Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi yaqqol misoldir.
Avvalo ushbu hujjatlar loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi jarayonida 30 mingdan ortiq taklif va ko‘plab yangi tashabbuslar kelib tushgani mamlakatimizda faol fuqarolik jamiyati rivojlanayotganidan dalolat beradi. Prezident Farmoni va Davlat dasturining o‘zida ham fuqarolik jamiyati institutlariga ulkan ishonch bilan yondashilgani e’tiborga sazovor.
Masalan, 2024-yil 1-dekabrdan boshlab yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan ayni loyiha qamroviga jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari kirmaydi.
Farmonning 32-bandida “Yuksalish” harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganishi va natijalari bo‘yicha har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borishi belgilangan. Davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari mazkur fuqarolik jamiyati institutlariga bu borada har tomonlama ko‘maklashib borishi bo‘yicha bir-qator muhim vazifalar yuklatilgani e’tiborlidir.
Yana bir muhim misol: mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi tayanch bo‘g‘inga aylantirish maqsadida “Tashabbusli byudjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma’lumotlar olish, mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Bularning barchasi, shubhasiz, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish hamda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki va ta’sirchan rolini oshiradi. Binobarin, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta’minlash, boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarishda aynan fuqarolik jamiyati institutlari beqiyos ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 27.02.2024
- Ko'rishlar: 3317
- Chop etish