Akmal Saidov Moskvada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

12-aprel kuni mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi ko‘magida Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston huquqshunos olimlarining «Blishenko o‘quvlari» xalqaro kongressiga tashrifi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi. Akademik A.Saidov jonli muloqot asnosida keyingi yillarda O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani va izchillik bilan amaliyotga tatbiq etilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va inson huquqlarini ta’minlash sohasida bir qator milliy dasturlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti bilan O‘zbekistondagi bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan 8 ta memorandum doirasida amaliy hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganini qayd etish lozim. Bugungi kunda birgina Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida qariyb 300 nafar o‘zbekistonlik talaba tibbiyot, iqtisodiyot, huquqshunoslik, muhandislik, filologiya, matematika, ekologiya kabi yo‘nalishlarda tahsil olmoqda.

A.Saidov Moskvaga tashrifi doirasida, shuningdek, bir qator yuzma-yuz uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rektori O. Yastrebov, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi A.Abashidze, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi a’zosi B.Tuzmuxamedov va «Norma» yuridik nashriyoti direktori O.Pavlova bilan o‘zaro muloqotlar shular jumlasidandir.

Suhbat asnosida O. Yastrebov O‘zbekiston tomoni bilan kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligini aytdi. U o‘zi rahbarlik qilayotgan Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti inson huquqlari bo‘yicha magistrlik dasturi konsorsiumlari o‘rtasida Memorandum imzolashga tayyorligini bildirdi.

BMT shartnomaviy qo‘mitalari a’zolari A.Abashidze va B.Tuzmuxamedov O‘zbekiston bilan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamda boshqa shartnomaviy organlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy rivojlanayotganini e’tirof etishdi. Har ikki xalqaro ekspert Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi xalqaro forumda ishtirok etish istagini ma’lum qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech