Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish: jahon tashabbuslari va O‘zbekistonning istiqboldagi imkoniyatlari

Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida 9-aprel kuni “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish: jahon tashabbuslari va O‘zbekistonning istiqboldagi imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi (UNIСEF) va Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Qonunchilikni takomillashtirish, taʼsirchan himoya mexanizmlarini joriy etish, Barqaror rivojlanish maqsadlari – 2030 doirasida milliy strategiyalar va davlat dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan “Bogota harakatlar chaqiruvi” global tashabbusiga O‘zbekistonning qo‘shilishi kabi mavzular muhokama qilindi.

2024-yilda qabul qilingan "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek, uni amaliyotga tatbiq etish, jumladan, erta yordam ko‘rsatish xizmatlari va kompleks qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yaratish bo‘yicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.

Davra suhbati davomida O‘zbekiston dunyoning 60 dan ortiq mamlakatini birlashtirgan va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha aniq kun tartibini taklif etayotgan Bogota harakatlar chaqiruviga sodiqligini rasman tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish so‘zida “bolalar uchun xavfsiz muhit yaratmasdan turib, mamlakatni barqaror rivojlantirish mumkin emasligini taʼkidladi. Bugungi muloqot shunchaki fikr almashish emas, balki jamoaviy masʼuliyatimiz ifodasidir. Bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlash orqali biz butun jamiyatning kelajagini mustahkamlaymiz. Bugungi muloqot tarmoqlararo masʼuliyat va xalqaro hamjihatlik uchun mustahkam zamin yaratadi”.

O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘z nutqida "Bog‘ota chaqiruviga qo‘shilish – bu jamiyat va xalqaro hamkorlar uchun aniq belgi: biz tizimli o‘zgarishlarga tayyormiz. O‘zbekistonda har bir bola o‘zini xavfsiz his qilishi va uning ovozi eshitilishi kerak. Va aynan biz, kattalar, davlat institutlari, xalqaro tashkilotlar va jamiyat bu huquqning faqat qog‘ozda emas, balki amalda himoya qilinishi uchun masʼulmiz." Shuningdek, samarali himoya tizimini yaratish barqaror, sektorlararo yondashuvni hamda bolalar va oilalarning qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar va maʼlumotlardan real foydalanishni talab qilishi taʼkidlandi.

BMT Bosh kotibining maxsus vakili Najat Maala o‘z nutqida O‘zbekistonning xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor bo‘lgan xavfsiz muhitni yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Bu jasorat, qatʼiyatlilik va hamjihatlikni talab qiladigan yo‘ldir. Faqat birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan biz har bir mamlakatda, har bir uyda, har bir maktabda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘ya olamiz.

Shuningdek, u O‘zbekistonning bolalarni himoya qilish borasidagi siyosiy irodasi va aniq qadamlari uchun minnatdorlik bildirdi: “Bog‘ota chaqiruvi shunchaki tashabbus emas, balki global majburiyatdir. Va men O‘zbekiston uni amaliy harakatlar uchun qo‘llanma sifatida qabul qilayotganini mamnuniyat bilan ko‘rib turibman. Har bir bolani himoya qilish tinchlik, barqarorlik va inson qadr-qimmatiga erishish yo‘lidir”.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Aniq ko‘rsatkichlar va idoralararo amalga oshirish mexanizmlari keltirilgan Bogota harakatlar chaqiruvi doirasidagi Milliy harakatlar rejasini tayyorlash, qonunchilik asoslarini va bolalarning zarur xizmatlardan foydalanishini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, profilaktika, javob berish va reabilitatsiya tizimini mustahkamlash, eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar shular jumlasidan.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech