Insoniyat ijodiy va ilmiy yutuqlarining huquqiy himoyasi yo‘lida

26-aprel – Xalqaro intellektual mulk huquqi kuni

 

Ilm-fan, texnologiyalar va madaniyatning jadal rivojlanishi sharoitida intellektual mulk huquqiy himoyasi masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Intellektual mulk zamonaviy jamiyatning eng muhim resurslaridan biri bo‘lib, u ijodiy va ixtirochilik faoliyati natijalarining e’tirof etilishi va himoya qilinishini ta’minlash bilan birga, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikka hissa qo‘shadi.

Xalqaro hamjamiyat intellektual mulk huquqiy himoyasi tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Shu yo‘nalishda muhim tadbirlardan biri – har yili 26-aprel kuni nishonlanadigan Xalqaro intellektual mulk kuni hisoblanadi.

Inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan fan, adabiyot, san’at asarlari hamda sanoat namunalarining huquqiy himoyasi har bir mamlakatda ta’minlanadi. Ushbu toifadagi asar va ishlanmalardan dunyo jamoatchiligi keng foydalanishi uchun esa xalqaro kelishuv va bitimlar asosida ularni boshqa davlatlarda ham qo‘llash imkoniyati yaratilgan.

Bu jarayonni tartibga solish va muhofaza qilish maqsadida milliy va xalqaro-huquqiy asoslar hamda samarali mexanizmlar ishlab chiqilgan. Shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun universal xalqaro hukumatlararo tashkilotlar tashkil etilgan.

Har qanday mamlakatning rivojlanganlik darajasi undagi intellektual mulkning rivojlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Shuning uchun barcha mamlakatlarda o‘z intellektual mulkini rivojlantirish borasida, ayniqsa, bu mulkning davlatda va butun dunyoda himoyalanishiga katta e’tibor qaratiladi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) – 1967-yil 14-iyulda Stokgolm shahrida imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini tashkil etish haqidagi konvensiya asosida tuzilgan hukumatlararo xalqaro tashkilotdir. Ushbu tashkilot 1974-yil dekabr oyida BMTning hukumatlararo xalqaro tashkiloti, degan maxsus maqomni olgan.

BIMTning vazifasi – dunyoda davlatlar o‘rtasida kelishuv va bitimlar asosida intellektual mulkni himoya qilishni muvofiqlashtirish hamda shu sohadagi turli shartnoma va konvensiyalarning ma’muriy boshqaruvini ta’minlashdan iborat. Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlati ushbu tashkilotning a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston 1991-yil 25-dekabrdan mazkur Tashkilotning teng huquqli a’zosidir. Bugungi kunda mamlakatimiz BIMTning 14 ta xalqaro hujjatini tasdiqlagan.

BIMTga a’zo davlatlar tomonidan 2000-yilda Xalqaro intellektual mulk kunini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bayram sanasi sifatida 1970-yilda BIMT Konvensiyasi kuchga kirgan 26-aprel kuni belgilandi. Ushbu kunning asosiy maqsadi intellektual mulkning madaniyat, fan, san’at, texnologiya va iqtisodiyot rivojlanishidagi o‘rni va ahamiyati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishdir.

Intellektual mulk — inson ijodiy faoliyati natijasi bo‘lib, u ixtirolar, adabiy va san’at asarlari, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tijorat belgisi va boshqa obyektlarni qamrab oladi.

Intellektual mulk deganda, insoniyat tomonidan turli davrlarda o‘zining aql-zakovati, bilim va iste’dodi yordamida kundalik ehtiyojlardan kelib chiqqan holda yaratilgan ijod mahsulotlari va g‘oyaviy mulklar tushuniladi. Bunga zamonaviy texnologiyalar, fan, adabiyot, sanoat, kimyo va boshqa sohalarda vujudga kelgan yangiliklar va ishlanmalarni misol keltirish mumkin.

Inson tafakkuri mahsuli bo‘lgan bunday mulklarni himoya qilish, ularni ommaga yetkazish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini davom ettirish masalasi yildan yilga dolzarb tus olmoqda. Ayniqsa, ularni huquqiy himoya qilish bugungi kunda muhim masalaga aylangan.

Shu sababli intellektual mulk huquqi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni birgalikda hal etish va kelajakda ularning oldini olish borasida dunyo hamjamiyati ilmiy izlanishlar olib borishi va amaliy yechimlar ishlab chiqishi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Har yili 26-aprel kuni jahon miqyosida Xalqaro intellektual mulk kunining nishonlanishidan asosiy maqsad – intellektual mulk huquqini himoya qilish sohasidagi muammolar va ularning yechimlariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, har bir yaratmani butun dunyo taraqqiyotiga hissa qo‘shishini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Mamlakatimizda xorijiy davlatlardagi kabi intellektual mulkni himoya qilishga sezilarli darajada talab ortib bormoqda. Mualliflar, ijodkorlar, idrokiy ijod vakillari intellektual mulkni qimmatli boylik kabi himoya qilish, unga egalik qilish va rivojlantirish kabi masalalarning tub mohiyatini allaqachon anglab yetmoqdalar.

 Huquqiy nuqtayi nazardan intellektual mulk ikki asosiy toifaga bo‘linadi:

  • Sanoat mulki: patentlar, tovar belgilari, sanoat namunalari, geografik ko‘rsatkichlar va tijorat siri;

  • Mualliflik va unga daxldor huquqlar: adabiyot, san’at, musiqa, kino asarlari, kompyuter dasturlari va ma’lumot bazalari.

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish innovatsion va ijodiy faoliyatni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu mualliflar va ixtirochilarga o‘z mehnati natijasidan manfaat ko‘rish va uni e’tirof ettirish imkonini beradi.

Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va yangi ishlanmalarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi. Samarali intellektual mulk tizimi investitsiyalar jalb qilish, yangi texnologiyalar ishlab chiqish, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish va madaniy almashinuvni kengaytirishga xizmat qiladi.

Intellektual mulk quyidagi asosiy turlarga bo‘linadi:

  • Patentlar — ixtiro yoki foydali model uchun beriladigan maxsus huquq.

  • Mualliflik huquqi — adabiyot, san’at, musiqa, kino, kompyuter dasturlari va boshqalar uchun himoya.

  • Tovar belgilari — mahsulot va xizmatlarni boshqalarnikidan ajratib turadigan belgi.

  • Sanoat namunalari — mahsulotlarning tashqi ko‘rinishi.

  • Geografik ko‘rsatkichlar va kelib chiqish nomlari — mahsulotning geografik kelib chiqishini ko‘rsatuvchi belgilar.

  • Tijorat siri — oshkor qilinishi taqiqlangan tijorat ma’lumotlari.

O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqini huquqiy muhofaza qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada so‘nggi yillarda intellektual mulk obyektlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, ularning yaratuvchilari manfaatlarini ta’minlash va ushbu sohada xalqaro talablarga mos mexanizmlarni joriy etish maqsadida qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan:

  • O‘zbekiston Prezidenti 2021-yil 28-yanvarda qabul qilgan “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror;

  • 2021-yil 20-avgustda qabul qilingan “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun;

  • 2022-yil 2-fevralda qabul qilingan “Intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun;

  • O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi;

  • Prezidentning 2019-yil 1-iyul va 8-fevraldagi qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida mamlakatimizda intellektual mulk huquqining to‘liq qonuniy asosda himoya qilinishi kafolatlangan.

Bundan tashqari, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo shartnoma va bitimlar tuzilgan bo‘lib, ularga izchil amal qilib kelinmoqda. Mazkur hujjatlar ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni chet elda muhofaza qilishga va eksportchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga yordam berish, chet el investitsiyalarini milliy sanoatga jalb qilishga yo‘naltirilgan. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz xalqaro maydonda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida yutuqlarga va barqaror natijalarga erishishini ta’minlaydi.

Musiqa hayotimizning barcha jabhalarida mavjud bo‘lib, intellektual mulk huquqlari esa uning yangi sohalarga kirib borishiga zamin yaratadi. Kinematografiya, ko‘ngilochar sanoat, texnologiyalar, moda, videoo‘yinlar, iste’mol mahsulotlari — bu kabi barcha sohalarda intellektual mulk huquqlari musiqa bilan o‘zaro hamkorlik va hamohanglikni ta’minlab, bir necha sektorni qamrab olgan sinergiya va innovatsiyalar uchun imkoniyatlar yaratadi hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

Shu ma’noda, 2025 yilgi Xalqaro intellektual mulk kuni ijodkorlik va innovatsion faoliyatning intellektual mulk huquqlari bilan qo‘llab-quvvatlanishi orqali gullab-yashnayotgan musiqa sanoatini qanday rivojlantirayotganiga e’tibor qaratishga bag‘ishlangani bejiz emas. Bu sana bizga mualliflar, ixtirochilar va tadbirkorlarning musiqa sanoatiga yangi g‘oyalar olib kirishi, qo‘shiqlar mualliflari, bastakorlar, ijrochilar hamda musiqaga ruh va jon bag‘ishlaydigan insonlar asarlarini huquqiy himoya qilish imkonini beradigan siyosat va mexanizmlar haqida bilib olish imkonini taqdim etadi.

Xulosa qilib aytganda, Xalqaro intellektual mulk kuni insoniyat ijodiy va ilmiy yutuqlarining huquqiy himoyasi muhimligini eslatib turuvchi xalqaro sana hisoblanadi. Ushbu kun ijodkor va ixtirochilarga minnatdorchilik bildirish, samarali va muvozanatli intellektual mulk tizimini shakllantirish zarurligini eslatish, bilimlar iqtisodiyoti, madaniyat taraqqiyoti va barqaror texnologik rivojlanishga zamin yaratish maqsadida tashkil etilgan.

 

Iqbol Abdumajidov,

Milliy markazning Inson huquqlari sohasida

xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech