Mahorat darsi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga bag‘ishlandi

29-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Inson huquqlari fani doirasida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotda Universitetning 3-bosqich talabalari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi. Mahorat darsini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi Shodiya Ismoilova olib bordi.

Mashg‘ulotda talabalar nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, tegishli qonunlar va xalqaro huquqiy normalar bilan tanishtirildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarni ta’minlash borasida O‘zbekiston Konstitutsiyasi, xalqaro huquqning asosiy tamoyillari hamda mamlakat qo‘shilgan xalqaro bitimlar doirasidagi yondashuvlar yuzasidan batafsil fikr yuritildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini hayotga tatbiq etishga qaratilgan islohotlarga – inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, teng mehnat imkoniyatlarini yaratish, ijtimoiy infratuzilmani moslashtirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash masalalariga alohida urg‘u berildi.

Talabalar o‘z savollari bilan faol ishtirok etib, sohaga oid bilimlarini yanada boyitdilar. Bu borada istiqbolda qilinadigan ishlar yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi.

Mahorat darsi interaktiv tarzda tashkil etildi. Mashg‘ulot talabalarga nafaqat nazariy ma’lumot berdi, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini chuqur anglash, ularni himoya qilish bo‘yicha huquqiy va axloqiy qarashlarni shakllantirishga ham xizmat qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech