Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq taraqqiyoti

Inson huquqlari uyida “Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq taraqqiyotining globallashuv sharoitidagi rivojlanishi: yangi yondashuvlar va tendensiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator davlat tashkilotlari va ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada xalqaro va milliy tashkilotlar vakillari, xorijiy olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. 

«O‘zbekiston milliy davlati va huquqining nazariyasi, tarixi va shakllanish jarayonlari» nomli seksiyada O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining tarixi, nazariy asoslari va shakllanish jarayoni haqida chuqur tahlillar o‘tkazildi. 

Huquqiy qadriyatlarning evolyutsiyasi va ularning yangi davrga moslashuvi masalalari “Globallashuv sharoitida davlat va huquq masalalariga yangicha yondashuvlar – davr talabi”, “Huquqni tadqiq etishning ayrim nazariy-uslubiy jihatlari” kabi ma’ruzalarda ko‘rib chiqildi.

«Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining evolyutsion rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari» seksiyasida konstitutsiyaviy islohotlar, sud tizimida yetuk kadrlar tayyorlash istiqbollari, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mexanizmlar muhokama qilindi. 

Bunda “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirishning dolzarb masalalari”, “Globallashuv sharoitida sud sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash istiqbollari”, “O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlashning dolzarb masalalari” kabi ma’ruzalar tinglandi. 

«O‘zbekiston va xalqaro tashkilotlar hamkorligining holati va istiqbollari: BMT va JST misolida» nomli seksiyada mamlakatning xalqaro maydondagi huquqiy integratsiya jarayonlari, jumladan, BMT, Jahon savdo tashkiloti (JST), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro Qizil Xoch jamg‘armasi bilan hamkorlikning amaliyotdagi samarasi muhokama etildi.

Tadbir doirasida Shvetsiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘istondan ishtirok etgan xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos olimlar bilan birga mazmunli ilmiy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. 

Raqamli transformatsiya, global chaqiriqlar, huquqiy institutlarni modernizatsiya qilish, inson huquqlari himoyasini davr talabi darajasida kafolatli ta’minlash va huquqiy davlat qurish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya yakunida O‘zbekistonda huquqiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni kengaytirish, milliy huquqni xalqaro huquqiy standartlarga uyg‘unlashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda huquqiy fanlar bilan boshqa ijtimoiy fanlar hamkorligini kengaytirish va yosh huquqshunoslar salohiyatini rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech