Aholi murojaatlari bilan ishlash – Milliy markaz e’tiborida

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tomonidan o‘tgan haftada Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida aholi bilan bir qator jonli uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ushbu ochiq muloqotlar O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom talablari va Milliy markazning 2025 yilgi ish rejasi ijrosi doirasida tashkil etildi.

– Bu uchrashuvlar asosan Buvayda tumanining “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Gulqishloq, Tarrachi va Dehqonobod qishloqlarida, shuningdek, Uchko‘prik tumanining “Soy bo‘yi” va “Yakkamulla” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etildi, – dedi Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboyev. – Yuzma-yuz muloqotlarda mahalliy davlat hokimiyati idoralari, Xalq qabulxonasi tuman bo‘limlari, Mahalla uyushmasi tuman bo‘limlari va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari hamda 50 nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.

Uchrashuvlarda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi. Ushbu asosiy qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashga va nazorat qilishga mas’ul idoralar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatiga oid zarur axborotlar taqdim etildi.

Shundan so‘ng, fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabul jarayonida bir guruh fuqarolarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi va ularga huquqiy maslahatlar berildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech