BMT Bosh kotibining maxsus vakili O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha maktub yo‘lladi

Bosh kotibning Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla Mjid O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari yuzasidan 2025-yil 19-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovga maktub yo‘lladi.

Maxsus vakilning O‘zbekistonga tashrifi joriy yilning 6-10-aprel kunlari amalga oshirildi.

Maktubda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati, uning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni, shuningdek, ushbu o‘zgarishlarning natijalari bilan tanishish imkoniyati yaratilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirilgan.

Najat Maalla Mjid Milliy markazning bola huquqlarini himoya qilish, ilgari surish va ta’minlashdagi sezilarli hissasini e’tirof etdi.

"Ishonchim komilki, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 2 va 5-sonli umumiy sharhlariga muvofiq, Milliy markazning huquqiy va institutsional bazasini yanada mustahkamlash inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini, ayniqsa, bolalar huquqlariga rioya etilishi qismini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Shu munosabat bilan Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar global alyansidan (GANHRI) olingan tavsiyalarni amalga oshirish orqali o‘z maqomini B toifasidan A toifasiga ko‘tarish yo‘lidagi keyingi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashimni bildirmoqchiman," – deb ta’kidladi BMT Bosh kotibining maxsus vakili o‘z maktubida.

Xatga ilova sifatida tashrif yakunlari bo‘yicha hisobot nusxasi ham taqdim etilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech