Odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq jazo choralari qanchalik kuchaytirildi?

2025 yil 20 mayda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonun bilan odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlar joriy etildi va jazo choralari qanchalik kuchaytirildi? Bu savolga Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov javob berdi:    

– Mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.  

Natijada odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirildi. Odam savdosidan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy himoyalash kuchaytirildi.    

Shu bilan birga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq ayrim masalalarda, xususan, odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilash zarurati vujudga keldi.    

Jinoyat kodeksining 135-moddasida odam savdosi jinoyati ob’ekti bo‘yicha og‘irlashtiruvchi band sifatida homilador ayolga nisbatan, shuningdek, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etish qayd etilmagan edi.  

Vaholanki, odam savdosi bilan bog‘liq holda sodir etilgan jinoyatlar (2019 yilda – 94, 2020 yilda – 93, 2021 yilda – 162, 2022 yilda – 165, 2023 yilda – 144 ta) sodir etilgan, odam savdosidan jabrlanganlarning 70 foizi fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etilgan.    

Shundan kelib chiqib, qonun bilan Jinoyat kodeksiga yuqoridagi qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan og‘irroq jazo choralarini belgilovchi hamda ushbu qilmishni og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi.  

Qonunga ko‘ra, birinchidan, homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi qilmishi uchun og‘irlashtiruvchi holat sifatida Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “homilador ayolga nisbatan” degan band bilan to‘ldirildi.  

Ikkinchidan, muqaddam odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “ilgari ushbu kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan” degan band bilan to‘ldirildi.  

Uchinchidan, fohishalikka jalb qilish maqsadida odam savdosi jinoyatini sodir etishni og‘irlashtiruvchi holat sifatida Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida” degan band bilan to‘ldirildi.  

To‘rtinchidan, o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi qilmishi, shuningdek, voyaga yetmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi Jinoyat kodeksining  

135-moddasi 3-qismi bilan malakalanishi belgilandi.  

Beshinchidan, Jinoyat kodeksi 135-moddasining 2 va 3-qism sanksiyalari kuchaytirilib, ya’ni 2-qismi uchun 5 yildan 10 yilgacha, 3 qismi uchun esa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.  

Qonunni ishlab chiqish jarayonida AQSH, Buyuk Britaniya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi va inobatga olindi.  

Qonun odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, unga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralarini belgilashga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech