O‘zbekiston Notariuslarining milliy kongressi bo‘lib o‘tdi

Bugun gullar shahri - Namangan shahrida “Ko‘chmas mulk: Rasmiylashtirish. Muammolar. Takliflar” mavzusida O‘zbekiston notariuslarining II Milliy Kongressi bo‘lib o‘tdi.

Kongressga O‘zbekiston Notarial palatasi raisi D.Ashurov moderatorlik qildi.

Tadbirda 10 ga tashkilot va muassasalardan 300 yaqin ishtirokchilar ishtirok etishdi.

Jumladan, Adliya vazirligi, sud, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yuristlar malakasini oshirish instituti, Kadastr agentligi va notariat sohasidan milliy ekspertlar, shuningdek O‘zbekistonning barcha hududlaridan notariuslar ishtirok etishdi. Shu bilan birga, tadbirda Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon davlatlaridan xorijiy ekspertlar ham ishtirok etishdi.

Kongressda ko‘chmas mulkni tasarruf etish bilan bog‘liq dolzarb muammoli masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, Adliya vazirligi boshqarmasi boshlig‘i M.Xatamov “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov “Mulk huquqlarini ro‘yxatga olishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi ma’ruzalar qilishdi.

Ishtirokchilar ayniqsa, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladilar.

Notiq o‘z nutqida, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 65-moddasida Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi, xususiy mulkning daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbekistonda ko‘chmas mulkning konstitutsiyaviy asoslari yaratilganligini aytib o‘tdi. Shu bilan birga Kongress ishtirokchilari diqqatini uchta dolzarb muammoga qaratdi. Bular:

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning barqaror emasligi.

Mulkdor o‘z mulkidan erkin foydalanishni cheklaydigan holatlarning mavjudligi.

Mulkdorga yetkazilgan zarar rasman tan olinsada uni undirish jarayonining murakkabligi.

Bu muammolarni hal qilish – Inson huquqlarini ta’minlashdir. Notarial harakatlarning maqsadi ham inson huquqlarini ta’minlashdan iborat. Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish juda dolzarb. Notarial palata bilan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz o‘rtasida bugun imzolanadigan memorandum ana shu maqsadlarga qaratilgan. Shu bilan birgalikda Notarial palata huzurida Axborot-resurs markazi tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu markazlar viloyatlar markazlarida ham bo‘ladi va aholining dolzarb savollariga huquqiy maslahatlar beriladigan markazlar bo‘ladi. Shu bilan birga notariuslar malakalarini oshirish, ilmiy ishlar qilish bo‘yicha rejalar qilingan, - dedi Akmal Saidov o‘z so‘zida.

Davlat kadastrlari palatasi Bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahad Nasritdinov o‘z ma’ruzasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish borasidagi yangiliklar va mavjud muammolar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Kongress doirasida O‘zbekiston Notarial palatasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz o‘rtasida hamkorlik memoranldumi imzolandi.

Tadbirda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi notarius O‘.Muxtorovning “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish borasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Notarius  o‘z amaliyotlarida uchrab turadigan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha konkret takliflarni ilgari surdi.

Shuningdek, xorijlik mehmonlar  ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish borasida o‘zlarining tajribalari haqida o‘rtoqlashdilar.

Kongress yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bilan ishlashda zamonaviy usullarni yanada rivojlantirish va joriy etish istiqbollari belgilab olindi.

O‘zA

Powered by GSpeech