O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holati to‘g‘risida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan islohotlar davom etmoqda. Bu borada huquqiy va institutsional asoslarni yaratish uchun 2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Bu davlat siyosatining muhim va o‘ziga xos hujjati sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
2024 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya bajarilishi muntazam monitoring qilinib, Oliy Majlis palatalariga ijro holati yuzasidan 4 tahliliy ma’lumot yuborildi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar har chorakda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga muhokama qilish uchun taqdim etib borildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari Surxondaryo, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari kengashlari yig‘ilishlarida Strategiya ijrosi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 2024 yilda Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan 6 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosi bo‘yicha izchil nazorat amalga oshirildi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga joriy etishning samaradorligini ta’minlash yuzasidan hududlarda 11 marta monitoring o‘tkazildi.
Jumladan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringi amalga oshirildi. BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti qoidalari bajarilishi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida monitoring o‘tkazildi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida 69 qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi.
Konstitutsiyaviy sudning 2024 yil 23 iyulda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Milliy markazning murojaati bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga sharh berish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida davlat organlarining 4 ming 317 nafar xodimi inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tgan yilning o‘zida BMT doirasida 4 ta, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasida 2 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiyalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligini va tashabbuskorlik salohiyatini ochiq namoyon etdi.
O‘zbekiston tomonidan 2024 yilda 8 ta xalqaro shartnoma, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining bir qator konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, shuningdek, BMT tarkibiga kiruvchi dasturlar, jamg‘armalar va ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan 30 dan ortiq tadbir tashkil etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib uy-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi (Balakrishnan Rajagopal) 2024 yilning avgust oyida O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
O‘tgan yili, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus ma’ruzachilari hamda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan 18 hujjat kelib tushdi.
Jeneva shahrida 2024 yil 22 mart kuni bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida Universal davriy hisobot bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi davriy ma’ruzasi tasdiqlandi. Milliy markaz tomonidan Maxsus ma’ruzachi hamda Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tayyorlandi.
Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan inson qadri hamda huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy normalarni ro‘yobga chiqarish, inson huquqlari sohasida davlat siyosatini yanada samarali amalga oshirishdan iborat.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 05.06.2025
- Ko'rishlar: 472
- Chop etish