ADABIYOT – XALQNING YURAGI, ELNING MA’NAVIYATI KO‘ZGUSI

“Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi” to‘plamini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar

 

Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish masalasi Yangi O‘zbekiston jamiyati va davlatining doimiy e’tiborida turibdi. Bu borada ajdodlarning merosini o‘rganish, boy ma’naviyatimizga munosib badiiy adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni hozirlashga alohida ahamiyat berilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san’at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur”.

Moskvaning “Ладомир” nashriyotida nashr etilgan “Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi” (“Антология современной узбекской поэзии”) kitobini ana shu chaqiriqqa munosib amaliy javob, deyish mumkin. Ushbu muhtasham nazmiy to‘plamga O‘zbekistonning mashhur 122 nafar shoiri ijodidan namunalar kiritilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi birinchi marta rus tiliga tarjima qilingan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida antologiyalar nashr etish borasida maqbul an’ana shakllanganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Bundan bir muddat oldin bir jildlik va ko‘p jildlik antologiyalar chop etilgandi.  Ayni chog‘da, “Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi”ni mutolaa qilish asnosida kaminani ham, ushbu to‘plamning mas’ul tuzuvchisi, taniqli rus shoiri Mixail Sinelnikov joriy yil fevralida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan taqdimotda qayd etganidek, “zamonaviy o‘zbek she’riyatining yuksak saviyasi hayratda qoldirdi”.

 

“Iliq epkinlar” davri she’riyati

 

“Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi” g‘oyat salmoqdor 4 ta fasldan tashkil topgan. Bu fasllarda mustaqil O‘zbekiston dunyo maydonida paydo bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratgan bir-biridan muhim tarixiy  voqealar yuz bergan keyingi o‘n yilliklar davomida ijod qilgan va tom ma’noda kashfiyotga aylangan yetuk shoirlar haqida muxtasar ma’lumotlar hamda ularning she’riyatidan turkum namunalar jamlangan.

Antologiyaning dastlabki fasli “Iliqlik” (“Оттепель”)  deb nomlanadi. Faslga bunday nom tanlashda, albatta, ayni so‘zning tabiat va iqlim bilan bog‘liq mazmuni emas, balki jamiyat hayotiga bevosita taalluqli siyosiy va ijtimoiy ma’no-mohiyati nazarda tutilgan. Zero, ilk bor “iliqlik” so‘zini siyosiy ma’nodagi tushuncha sifatida qo‘llagan shaxs ham shoir bo‘lgan. Gap shundaki, mashhur rus shoiri Fyodor Tyutchev Aleksandr II  podshohlik qilgan davrning dastlabki yillariga aynan shunday ta’rif bergan.

Antologiya birinchi faslining nomlanishiga kelsak, bu o‘rinda sobiq SSSR tarixida Stalin o‘limidan keyin Xrushchyov rahbarlik qilgan taxminan o‘n yillik qisqa davr haqida so‘z bormoqda. Norasmiy tilda “Xrushchyov davri iliqligi” yoki shunchaki “Iliqlik” deb yuritilgan ana shu davrda – 1953 va 1960-yillar oralig‘ida mamlakat ichki hayotida “iliq epkin”lar esgan.

Xususan, Stalin shaxsiga sig‘inish qoralangan va qatag‘on siyosati fosh etilgan. Siyosiy mahkumlar ozodlikka chiqarilgan va GULAG  qamoqxonalar tizimi tugatilgan. Shafqatsiz totalitar boshqaruv o‘rnini anchagina yumshoq diktatura egallagan. Shunga yarasha siyosiy va ijtimoiy hayot anchayin erkinlashgan, g‘arb dunyosiga ochiqlik siyosati kuchaygan.

Ayni chog‘da, senzura bir qadar susaygan, so‘z erkinligi darajasi ozmi-ko‘pmi yaxshilangan, ijod qilish uchun imkoniyatlar oshgan. Bularning barchasi, o‘z navbatida, o‘sha davrda sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonda ham boshqa sohalar qatori adabiyotning, xususan, she’riyatning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun el orasida o‘sha davrga mansub ijod ahliga nisbatan “Iliqlik davri bolalari” (“Дети оттепели”) degan ta’rif qo‘llanilgan.

Antologiyaning ilk fasli shu dolg‘ali davrda o‘zbek she’riyati osmonida yulduzdek porlagan yorqin nomlar – Erkin Vohidov, Abdulla Oripov,  Jumaniyoz Jabborov, Husniddin Sharipov, E’tibor Oxunova, To‘ra Sulaymon, Normurod Narzullayev kabi XX asrning 60-70-yillarida har bir chiqishi muxlislar yuragida hayrat va olqish uyg‘otgan shoirlardan 28 nafarining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.

Bu davrda ijod qilgan shoirlarimizning she’rlari, avvalo, “inqilobiy-sotsialistik chaqiriqlar”dan uzoqlashib, aksincha, millat, xalq, Vatan tushunchalari jo‘shqin va samimiy ohanglarda tarannum etilgani bilan ajralib turadi. Yana bir muhim xususiyat: ushbu davr she’riyati shaklan zamonaviy bo‘lsa-da, mohiyatan – she’riy san’atlarga boyligi nuqtayi nazaridan, mumtoz she’riyatga ancha yaqin,  nazarimizda.

 

“Kutish davri” ijodkorlari

 

 Shoirlar – hurriyat, ozodlik mamlakatining fuqarolaridir, deyishadi. Shu ma’noda, “Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi”ning ikkinchi fasli aynan “Kutish davri” (“Время ожидания”)  deb nomlangani bejiz emas. Chunki ushbu fasldan o‘rin olgan shoirlar hayoti va ijodida sho‘rolar zamonidan norozilik kayfiyati, Istiqlol, ya’ni O‘zbekistonning mustaqilligi va Turkiston birdamligi g‘oyalariga intilish kuchliligi sezilib turadi.

Xususan, Antologiyaning ikkinchi faslini boshlab bergan mashhur shoir Rauf Parfiga isyonkor iste’dodli va taqdirli shoir, deb berilgan ta’rifning zamirida katta haqiqatlar yotibdi. Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzusi – shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, turk dunyosining birligi ekanligi ham shundan dalolatdir.

Mazkur fasldan, shuningdek, Halima Xudoyberdiyeva, Anvar Obidjon, Tilak Jo‘ra, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Ikrom Otamurod, Mirzo Kenjabek singari 40 nafar hassos shoirning hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar joy olgan.

Bu shoirlarning qariyb yarmi bugungi kunda oramizda yo‘q. Qolgan yigirmaga yaqin shoir bilan zamondosh yashayapmiz, ularning orasida kamina bilan birga ishlagan va hozir ham hamkorlarimiz bo‘lgan Mahmud Toir, Sharifa Salimova, Farida Afro‘z kabi taniqli ijodkorlar bor.

Yaqinda shu faslda she’rlari berilgan mashhur shoir Sirojiddin Sayyidning “Yarim asr devoni” nomli kitobini mutolaa qildim. Kitobda shoirning roppa-rosa 50-yil davomida bitgan she’rlaridan boy namunalar jamlangan.

Muhimi, el-yurtimiz tarixi, qismati, dardini kuylashni o‘zi uchun farz va qarz deb bilgan dilbar shoir Sirojiddin Sayyidning ona xalqimiz og‘ir, sinovli kunlarda chekkan zahmatu mehnatlariga, anduh va iztiroblariga hamdard bo‘lib yozgan o‘tli nazm namunalaridan toki yangi zamon ruhi keng ko‘lamda o‘z ifodasini topgan manzumalarigacha – sara asarlari ham yagona muqova qatida o‘z mujassamini topibdi. Bu, albatta, g‘oyat manzur ijodiy yondashuv va har tomonlama maqbul yechim.

 

“Yangi avlod” shoirlari

 

Antologiyaning uchinchi fasli “Yangi avlod” (“Новое поколение”) deb nomlangan. Ushbu fasldan Odil Ikrom, Abduvali Qutbiddin, Amirqul Karimov, Halima Ahmad, Karim Bahriyev, Eshqobil Shukur, Rustam Musurmon, Faxriyor, Zebo Mirzo, Salim Ashur kabi 26 nafar zabardast shoirning hayoti va ijodiga mansub ma’lumotlar o‘rin olgan.

Ushbu shoirlar sobiq sho‘ro zamonida tahsil olgan, ularning ilk she’rlari o‘sha davr matbuotida e’lon qilingan. Ammo, bu ijodkorlar aynan O‘zbekiston mustaqilligi davrida yangi avlod maqomida adabiyotimizga dadil kirib keldi.  

Bu shoirlarning kitoblari Istiqlol yillarida nashr etilmoqda, ijodi izchil yuksalib bormoqda. Ular bugungi kunda jamiyat va davlat ishlarida ham faolligi bilan ajralib turadi.

Yangi avlod shoirlari safida G‘ulom Mirzo nomini ko‘rganimda, yanada mamnun bo‘ldim. Men bu shoirning ijodini ko‘p yillardan buyon kuzatib boraman, she’riy kitoblariga so‘zboshi va taqrizlar yozganman. G‘ulom Mirzo she’rlarida garchand Vatan, Millat, Istiqlol so‘zlari ko‘p uchramasa ham, shoirning butun ijodi aslida shu muqaddas ma’vo-yu ulug‘ qadriyatlarimiz  tarannumiga bag‘ishlanganini his etish qiyin emas.

Davlatimiz rahbari nutqlaridan birida: “Adabiyot – xalqning yuragi, elning ma’naviyati ko‘zgusi”, deb e’tirof etgandi. Kamina Antologiya sahifalaridan joy olgan she’rlarni o‘qir ekan, ayni e’tirof qanchalik haqqoniy ekaniga yana bir bor amin bo‘ldi.

 

“Kelajakka intilib”

 

Antologiyaning to‘rtinchi fasli “Kelajakka intilib” (“И будет день...”) deb nomlangan. Bu faslga Xosiyat Rustam, Go‘zal Begim, Orif To‘xtash, Rustam Mirvohid kabi 28 nafar navqiron shoir ijodidan namunalar taqdim etilgan.

Ushbu shoirlarning aksariyati – Mustaqillik davrining farzandlaridir. Yanada e’tiborlisi, ular allaqachon o‘z ijodi bilan Yangi O‘zbekistonni butun dunyoga tarannum etmoqda.

Birgina misol: hassos shoira Xosiyat Rustamning she’rlari o‘nlab xorijiy tillarga tarjima qilingan va chop etilgan. U qator xalqaro she’riyat festivallari va forumlarida qatnashgan. Bir qancha xalqaro adabiy mukofotlarga, jumladan, 2015-yili Ozarboyjonning Mikoil Mushfiq nomidagi adabiy mukofotiga va 2018-yili Tailandda o‘tkazilgan Xalqaro adabiy festival sovriniga sazovor bo‘lgan.

Ushbu shoirlarimizning she’rlarini mutolaa qilar ekanman, taniqli shoir va tarjimon Mixail Sinelnikovning mana bu fikrlari xayolimdan kechdi: “Ular, shubhasiz, o‘zbek madaniy merosining munosib davomchilaridir”.

 

Saxovatli homiylar, mohir muharrirlar va tarjimonlar xizmati beqiyos

 

“Rejali ish – natijali ish”, deganlari bejiz emas. Binobarin, ushbu Antologiyaning risoladagidek shakl-shamoyil va mazmun-mohiyat kasb etishida ishga aynan rejali asosda yondashilgani muhim rol o‘ynagan.

Avvalo, "Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi" yurtdoshimiz Alisher Usmonovning "San’at, fan va sport" xayriya jamg‘armasi hamda "Ладомир" nashriyot-matbaa ijodiy uyi ko‘magida chop etilganini ehtirom va e’tirof bilan ta’kidlash farzu qarzdir.

Shuni ham qayd etish kerakki, "Ладомир" noshirlik uyi 2021-2022-yillarda o‘zbek mumtoz she’riyatining barcha davrlariga oid buyuk vakillari ijodini o‘z ichiga olgan ikki jildlik "O‘zbek she’riyati antologiyasi"ni nashrga tayyorladi va chop etdi. Uchta kitobning barchasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda dunyo yuzini ko‘rdi.

Shu o‘rinda so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi nashrdan chiqqanini ham ta’kidlash lozim. MDH davlatlarida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda nashr etilgan ushbu qamrovdor majmuaga rus adabiyotining oltin davri – Pushkin zamonidan to XX asrning oxirigacha bo‘lgan yillarda yaratilgan eng yaxshi asarlar kiritilgan. 

E’tiborli jihati, "Zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi"ni tayyorlash uchun O‘zbekiston va Rossiyaning taniqli davlat va jamoat arboblari hamda mashhur adibu olimlardan iborat Homiylar kengashi va Tahrir kengashi faol ish olib bordi. Kitobning ilk sahifalarida ushbu Kengashlar a’zolarining ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ularga chin qalbdan samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid Antologiyaga bitgan kirish so‘zida qayd etganidek, “She’riyat – hayotbaxsh yolqindir, “qadrdon tandir”lardan – milliy o‘zlik mohiyatidan taraladigan bu  jonbaxsh olovning nuri hamda tafti barcha xalqlaru yurtlardagi insonlar qalbini yoritish va ilitishga qodir”.

Xulosa qilib aytganda, avvalo, mazkur Antologiya o‘zbek, umuman, Sharq va jahon she’riyatiga befarq bo‘lmagan rus tilli kitobxonlarda qiziqish uyg‘otishi tayin. Madaniyatlarimiz uyg‘unligining mo‘jaz namunasi hisoblanuvchi ushbu muhtasham kitob O‘zbekiston va Rossiya hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga muayyan hissa qo‘shishi shubhasiz.

Shoirlarimiz ijodi haqida so‘z borganda, Prezidentimiz shunday degandilar: “Bitta kitob yozish, bitta she’r yozish uchun shoir o‘nta kitobni o‘qishi kerak. Bunday ijodkor davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlanishi lozim”. Bugungi kunda jamiyatimiz rag‘bati va davlatimiz qo‘llab-quvvatlashi tufayli Yangi O‘zbekiston shoirlarining she’rlari  dunyo tillariga tarjima qilinayotgani va izchil nashr etilayotgani har qancha tahsinga sazovor.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 30-iyul kungi 30 (1457)-soni

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Powered by GSpeech