O‘zbekistonda xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli muhokama qilindi

Bugun, 10-sentabr kuni “Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Xalqaro mehnat tashkiloti, Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika kasaba uyushmalari markazlari vakillari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva tadbir ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qildi.

Senat Raisi o‘z nutqida xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalari tutadigan muhim o‘rin, shuningdek, mehnat huquqlarini himoya qilish, munosib mehnatni taʼminlash va ijtimoiy muloqotni rivojlantirish yo‘nalishlarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, Senat tashabbusi bilan fuqarolarning mehnat huquqlarini kafolatlashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani taʼkidlandi.

Ushbu loyiha doirasida jamoat birlashmalari va kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunlar hamda bir qator kodekslarga o‘zgarishlar kiritilib, kasaba uyushmalarini tashkil etish uchun talab etiladigan aʼzolar soni kamaytirilishi ularning faoliyatini yana-da yengillashtirish va kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, mehnat nizolarini mediatsiya va arbitraj yo‘li bilan hal etish mexanizmlarini takomillashtirish, ish tashlash huquqini mustahkamlash va uning o‘tkazish tartibini aniq belgilash xodimlarning mehnat huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Senat Raisi ushbu qonun loyihasi mamlakatda munosib mehnatni tashkil etish va kasaba uyushmalarining rolini yana-da kuchaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Shuningdek, kelgusidagi hamkorlikni samarali tashkil etish uchun beshta ustuvor yo‘nalish, kasaba uyushmalari institutsional rolini kuchaytirish, ijtimoiy muloqotni chuqurlashtirish, xalqaro tajriba almashish, tenglik va inklyuzivlikni taʼminlash hamda raqamlashtirish jarayonida mehnat munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ilgari surildi.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech