10–13-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida diniy bag‘rikenglik, ma’rifat va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli tadbir AQSHning “Love Your Neighbor Community” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.
Forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlari – jami 5 mamlakatdan qariyb 50 nafar yetakchi dinshunos, ilohiyotchi, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etdi.
Forumning ikkinchi yalpi sessiyasi “Diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashda davlat organlarining roli” mavzusiga bag‘ishlandi. Ushbu sessiya ishiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov moderatorlik qildi.
Tadbir yakunida Murojaatnoma qabul qilindi. Ushbu hujjatda jahon hamjamiyati diniy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, e’tiqod erkinligini umumbashariy huquq sifatida tasdiqlash hamda zo‘ravon ekstremizmga qarshi diniy ma’rifatni rivojlantirishga da’vat etiladi.
“Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi 2022-yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro anjumanning mantiqiy davomi hisoblanadi. O‘sha I Forum yakunida qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e’tirof etilgandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.09.2025
- Ko'rishlar: 94
- Chop etish