Konstitutsiyaviy sudning 30 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 11-12-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YeXHT hamda xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari vakillari oʻzlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiyada Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Tailand, Belarus, Rossiya, Germaniya, Indoneziya kabi davlatlarning konstitutsiyaviy sudlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ilmiy doiralar hamda mutaxassislar ham qantashdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z chiqishida Konstitutsiyaviy sudning 30 yillik faoliyati davomida mamlakatda huquq ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash va sud hokimiyati mustaqilligini rivojlantirish yo‘lidagi hissasini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, 2023-yilda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlari, sud mustaqilligi va konstitutsiyaviy nazorat tizimini yanada kuchaytirish yo‘lida muhim bosqich bo‘lgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sudning parlament bilan o‘zaro hamkorligi ham alohida ta’kidlab o‘tildi. Sud har yili sud amaliyoti va konstitutsiyaviy qonunchilik holati bo‘yicha ma’lumotlarni Oliy Majlis palatalariga hamda Prezidentga taqdim etadi, parlament esa bu tavsiyalarni qonun ijodkorligi jarayonida inobatga oladi.
Konferensiya doirasida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ularga teng institutlar assotsiatsiyasiga raislik Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudidan O‘zbekiston Respublikasiga topshirildi. Buni xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlariga berilgan yuksak e’tirof sifatida baholash mumkin.
Anjumanning yalpi sessiyalarida konstitutsiyaviy islohotlar, konstitutsiyaviy shikoyat institutining rivoji, inson huquqlarini himoya qilishda konstitutsiyaviy sudlarning o‘rni kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Ўзбекча
English
Русский