Milliy markazda XXR delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi

13-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va Bosh kotibi Li Xunkuy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu delegatsiya 14-mayda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Xitoy — Markaziy Osiyo — 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov mehmonlarni qutlar ekan,  Xitoy Xalq Respublikasining yetuk ekspertlari, ilmiy-akademik doiralari va turli davlat tuzilmalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurganini alohida ta’kidladi. Delegatsiyaning bunday tarkibi va darajasi O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi inson huquqlari sohasidagi hamkorlik yanada mazmunli va barqaror tus olayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston tomoni Xitoyning 2026-yil 23-fevral – 1-mart kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 61-sessiyasida ilgari surgan tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. Ushbu tashabbus inson huquqlari sohasida global boshqaruvni takomillashtirish va Global boshqaruv do‘stlari guruhini tuzishga qaratilgan bo‘lib, u ko‘p tomonlama yondashuvni mustahkamlash, BMTning inson huquqlari tizimidagi islohotlarni ilgari surish, rivojlanayotgan mamlakatlarning vakilligi va rolini kengaytirish, shuningdek, bu sohadagi yangi chaqiriqlarga o‘z vaqtida javob berish muhimligini ko‘zda tutadi.

Muloqot davomida Milliy markaz direktori 2018-yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (ikki yilda bir marta) o‘tkazib kelinayotganini ham aytdi. Joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi ikkita xalqaro paktning 60-yilligiga bag‘ishlangan beshinchi forum bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan xitoylik mo‘tabar mehmonlar Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etish uchun taklif etildi.

O‘z navbatida, Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi vitse-prezidenti va Bosh kotibi Li Xunkuy O‘zbekiston tomoniga yuksak e’tibor va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Xitoy bilan O‘zbekiston o‘z milliy taraqqiyotini tanlagan va shu yo‘ldan qat’iy borayotgan davlatlar hisoblangani bois inson huquqlarini rivojlantirish borasidagi qarashlarimiz ham yaqin va o‘xshash ekanligini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari izchil faollashgani asnosida Xitoy bilan O‘zbekistonning ko‘plab sohalar qatori inson huquqlari sohasidagi o‘zaro muloqoti ham sezilarli darajada chuqurlashib, amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Toshkentda o‘tkaziladigan “Xitoy — Markaziy Osiyo — 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi mintaqaviy formatdagi muloqotni davom ettirish, aniq yechimlarni muhokama qilish, tajriba almashish, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni yakuniy hujjatda mustahkamlash imkonini beradi.

Tomonlar ushbu Forumga tayyorgarlik yakunlarini atroflicha muhokama qildilar. Forum ishtirokchilarining ma’ruzalari asosida tayyorlangan maqolalarni Milliy markaz jurnallarida chop etish, Forum materiallarini alohida to‘plam shaklida nashr etish kabi bir qator amaliy takliflar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Shundan so‘ng Xitoy delegatsiyasi a’zolari Inson huquqlari uyi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda tashkil etilgan Milliy markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar va Xitoyga taalluqli adabiyotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikka oid fotoko‘rgazma mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech