“Xitoy – Markaziy Osiyo” forumi ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar

14-may kuni Toshkent shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi ish boshlaydi. Poytaxtimizga yetib kelgan xorijiy ishtirokchilar, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi delegatsiyalari vakillari Forum arafasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan ushbu muazzam maskan O‘zbekistonning boy ma’rifiy salohiyati, tarixi, ilmiy-ma’naviy, madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.  

Mehmonlar shonli tariximiz va Yangi O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lgan ushbu maskanda boy ma’naviy va ilmiy merosni mamlakatning zamonaviy intilishlari bilan bog‘laydigan jarayonlar bilan tanishdilar. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi bo‘lgan So‘g‘d zali, “Bag‘rikenglik” maydonini tomosha qildilar.

Forum ishtirokchilariga Markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishi, ekspozitsiyasi va tarixi haqida ma’lumot berildi. Delegatsiyalar a’zolari islom madaniyati bilan birga ilm-fan, ta’lim, ilohiyot, Baqtriya va Xorazm sivilizatsiyasi, Buyuk Ipak yo‘li hamda Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan ham tanishdilar.

Zamonaviy texnologiyalar orqali boy ma’naviy va tarixiy merosni namoyon etuvchi ushbu noyob maskan xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech