Bu judayam dolzarb, koʻpchilik aholiga daxldor masala. Chunki korrupsiyaviy holatlarning 75 foizi shahar va tumanlarda maishiy shaklda boʻlyapti.
Shu bois 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida bu illatga barham berish vazifasi qoʻyilgan edi. Shu maqsadda, Prezidentning 21-apreldagi farmoni bilan, Bosh prokuraturada korrupsiya omillarini tahlil qilish boʻlimi tashkil qilindi. Hududlarga muntazam chiqib, bunday omillar oʻrganib borilmoqda.
Prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilm va tahlil bilan shugʻullanayapti. Umuman, huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlayapti.
Lekin koʻp hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yoʻl qoʻymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, “korrupsiyaviy tuynuklar” toʻliq yoʻqolgani yoʻq.
Taqdimotda shu boradagi qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yurtimizda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat boʻlimlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qoʻyildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.
Prezidentimiz korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini taʼkidladi.
Yer ajratish boʻyicha shaffof tizim joriy qilingan. Lekin, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turibdi. Shu bois kadastr, “Oʻzbekkosmos”, qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar maʼlumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qoʻyish shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Prokuratura tizimini toʻliq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” oʻrnatish zarurligi taʼkidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida parlamentning masʼul qoʻmitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, davlat xaridlarida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar oʻrtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi.
Taqdimotda bunga masʼullar bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»