Migratsiya jarayonlariga oid qonunchilikda qanday yangiliklar kutilmoqda?

Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish borasida vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Shuningdek, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. 

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilmoqda. 

Mazkur normalar xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi. 

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi va siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda. 

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech