Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisida maktab va maktabgacha taʼlim tizimidagi korrupsiya holatlari va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 3-iyun kuni Senat Raisi boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda maktab va maktabgacha taʼlim tizimidagi korrupsiya holatlari va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Majlisda taʼkidlanganidek, asosiy maqsad – kamchiliklarni fosh etish emas, balki ularga birgalikda yechim topishdan iborat. Shu bois, Senatning tegishli qo‘mitalari va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh vazirlik bilan hamkorlikda vaziyatni har tomonlama o‘rgandi.

Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida "Korrupsiyasiz soha" loyihasi bo‘yicha qator dasturlar qabul qilindi. Shu bilan birga, maktabgacha va maktab taʼlimiga oid 79 ta normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi.

Shuningdek, korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida bir qator davlat xizmatlari elektron shaklda joriy etildi. Jumladan, bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish, 1-sinfga qabul qilish, pedagog kadrlarni attestatsiya qilish, litsenziyalash, apostil qo‘yish kabi xizmatlar raqamlashtirildi. Bu o‘z navbatida fuqarolar uchun qulaylik va shaffoflik yaratishga xizmat qilmoqda.

Majlisda taʼlim tizimidagi baʼzi xizmatlar uchun talab etiladigan hujjatlar soni qisqartirilgani, jarayonlar soddalashtirilgani, korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan ishlarning amaliy samarasi ekanligi qayd etildi.

Yoshlarda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini shakllantirish maqsadida maktab va bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun maxsus “Korrupsiyaga qarshi kurashish” o‘quv dasturi ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, maktab va bog‘chalarda GRACE dasturi doirasida halollik tarbiyasi joriy etilishi muhim ekani taʼkidlandi.

Senat Raisi “Halollik vaksinasi” bilan emlangan avlodni voyaga yetkazish – taʼlim tizimi oldidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozim”, deb taʼkidladi. Buning uchun faqat o‘quvchilar emas, balki o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘zi ham tizimli o‘qitilishi, malakasi oshirilishi shart.

Majlis yakuni bo‘yicha taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yana-da faollashtirish, ishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari shaffofligini taʼminlash, ichki nazorat tizimini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

 O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech