“O‘zbekiston dunyo turizm xaritasidagi yashiringan gavhardir”

Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” Butunjahon sayyohlik ittifoqi muloqoti (“WTA Silk Road Dialogue”) bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Butunjahon sayyohlik ittifoqi (WTA) tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ko‘magida tashkil etildi. 

Muloqotda BMT Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili, O‘zbekiston turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, WTA raisi Chjan Syuy, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, shuningdek, Xitoy, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar hamda BRIda ishtirok etayotgan mintaqalarning rasmiy vakillari, xalqaro turizm tashkilotlari vakillari, WTA a’zolari, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Bizning umumiy maqsadimiz turizmni nafaqat iqtisodiy manfaat keltiruvchi, balki dunyo xalqlarini yaqinlashtiruvchi, tinchlik va barqarorlikka xizmat qiluvchi sohaga aylantirish, – dedi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev. – Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, faqat ulardan oqilona foydalanish zarur. Xususan, forumning qadimiy Samarqand shahrida o‘tishi bejiz emas. Oxirgi yillarda bu yerda turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar soni ortdi. Bu esa Samarqandning tinch va sayohat uchun qulay shahar sifatida nufuzi yanada oshishiga xizmat qilmoqda. Sohani rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarimiz bor. Buni amalga oshirishda xalqaro hamkorlar bilan muloqotga tayyormiz.

Tadbirda Xitoy va Markaziy Osiyo sayyohlik bozorlarining rivojlanish tendensiyalari, Ipak yo‘lida sayyohlikning yangi imkoniyatlari, marketing strategiyalari va sayyohlikni raqamli targ‘ib qilish, Ipak yo‘li mamlakatlari uchun noyob sayyohlik mahsulotlarini yaratish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

– O‘zbekistonga ilk bor tashrifim va bunday nufuzli forumda ishtirok etish imkoniyati berilganidan juda mamnunman, – deydi “Guilin Tang Dynasty Tours Co., Ltd” kompaniyasi prezidenti va bosh menejeri janob Maykl Chjou. – Anjumanda Samarqand viloyati hokimining nutqi meni juda ham ta’sirlantirdi. Bu kelgusida O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xitoylik sayyohlar uchun samimiy mehmondo‘stlikning namunasi, deb bilaman. Tashrifimiz davomida O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanayotganiga amin bo‘lib turibmiz. Ishonamanki, kelgusida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yanada ko‘proq hamkorlik, sayyohlar va xalqlar o‘rtasida yaqinlashuv bo‘ladi. Shuningdek, biz ham o‘zbekistonlik sayyohlarni Xitoyda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz. Tadbir doirasida B2B formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etib, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan samarali muloqot o‘tkazdik. Ayniqsa, samarqandlik turoperatorlar, servis xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalari bo‘yicha fikr almashdik. Bu yerdagi mehmonxona infratuzilmasi kutganimizdan ancha yaxshi ekan. O‘zbekiston xalqaro sayyohlar uchun katta salohiyatga ega. Men qat’iy ishonamanki, O‘zbekiston dunyo turizm xaritasidagi yashiringan gavhardir.

"Ipak yo‘li muloqoti orqali yorqin kelajak quramiz" shiori ostida o‘tkazilgan tadbir yalpi majlis, davra suhbatlari, sayyohlik taqdimotlari va boshqa mavzulardagi muloqotlar bilan davom etdi. Ishtirokchilar turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilib, BRI doirasidagi hamkorlikning joriy holati, tendensiyalari va strategik imkoniyatlarini tahlil qilib, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yo‘llari haqida fikrlashdi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech