O‘zbekiston – Ozarbayjon: O‘zaro ishonch va birodarlik ruhidagi hamkorlik namunasi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabat asrlar davomida shakllangan umumiy tarix, madaniy yaqinlik va qadriyatlarga asoslangan. Ikki mamlakatni nafaqat turkiy ildizlar, balki o‘zaro manfaatli hamkorlikka intiluvchi siyosiy iroda ham birlashtiradi. Ayni paytdagi oliy va yuqori darajali doimiy siyosiy muloqot, aslida, biz uchun tarixan xos jihat.

Prezidentimizning Ozarbayjonga davlat tashrifi davom etayotgan bir pallada O‘zA muxbiri xalqlarimiz birodarligi va parlamentlararo aloqalar xususida ikki mamlakat deputatlari fikrini yozib oldi.

Gunay Agamali, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati:

– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat qadimiy tarix, mushtarak madaniy ildizlar, chuqur do‘stlik va qardoshlik an’analariga asoslanadi. Bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan aloqalar barcha – iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va parlamentlararo jabhada jadal rivojlanmoqda.

Ayniqsa, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi izchil siyosiy muloqot va do‘stona munosabatning yuksak darajasini alohida ta’kidlash zarur. Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, imzolangan hujjatlar va bayonotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat mustahkam poydevorga qurilgani va umumiy kelajakka xizmat qilayotganini tasdiqlaydi.

Boku va Toshkent nafaqat ikki tomonlama, balki Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Bu jarayon turkiy dunyoda integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda, deyish mumkin.

Ikki qardosh o‘lka o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani, qo‘shma sanoat va energetika loyihalari amalga oshirilayotgani, transport-logistika sohasidagi hamkorlik kengayib borayotgani mintaqaviy barqarorlik va farovonlikka salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar xalqlarimizni yanada bir-biriga yaqinlashtiryapti. Parlamentlararo aloqalar qonunchilik va siyosiy muloqot darajasidagi strategik sheriklikni mustahkamlamoqda.

Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti XVII sammiti butun mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.

Ushbu muhim forum mintaqaviy hamkorlik, barqaror rivojlanish va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mintaqadagi yetakchi davlatlardir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik modeli davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati, xalqlarimiz irodasiga asoslangan buzilmas do‘stlik ruhidan kuch oladi. Bir so‘z bilan aytganda, munosabatlarimiz mintaqada barqarorlik, taraqqiyot va umumiy farovonlik yo‘lidagi hamkorlik namunasiga aylanmoqda.

Gulnoraxon Abduvohidova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

– O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik, do‘stlik va ittifoqchilik munosabatida yangi davrni boshlab berdi.

“Zagulba” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi natijasi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabat hech qachon bunday yuksak darajaga ko‘tarilmaganini yaqqol namoyon qildi. Prezidentlar tomonidan 30 yillik diplomatik munosabat doirasida erishilgan yuksak natijalarga tayangan holda yanada keng qamrovli va strategik hamkorlikka asos soluvchi muhim qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, Prezidentlar 2025-2029 yillar davomida Ittifoqchilik shartnomasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qildi. Ushbu hujjat ikki qardosh yurt o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarda tizimli va maqsadli ish olib borishga zamin yaratadi.

Shuningdek, ikki o‘lka yetakchilari huzurida imzolangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo, fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi hamda 2030 yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish dasturlari, 2025-2027 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi kabi kelishuvlar tashrifning amaliy ahamiyatini namoyon etadi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetib, savdo hajmi 25 foiz oshgan. Bu loyihalar ikki davlatning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi barobarida nafaqat Toshkent va Boku, balki Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlarni ham faol iqtisodiy sheriklarga aylantiradi.

O‘zbekiston yuklarining Ozarbayjon orqali Yevropaga tranziti 25 foiz oshgani logistika yo‘nalishidagi hamkorlikning yorqin namunasidir. Mart oyidan elektron ruxsatnomalar joriy etilishi yo‘l harakatini yanada shaffoflashtirdi. Bu ikki davlatning mintaqa va Yevropa bog‘liqligidagi rolini kuchaytirishi tabiiy.

Shuningdek, elektr energiyasini Yevropaga eksport qilishga qaratilgan loyihalar “yashil energetika” sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu nafaqat ekologik barqarorlik, balki yangi valyuta tushumlari manbai sifatida ham muhim.

Tashrifning yana bir muhim voqeasi – Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘iga asos solinishi va mamlakat elchixonasining yangi binosi ochilishi bo‘ldi. Bog‘ loyihasida milliy me’morchilik, madaniyat va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan. Bu nafaqat me’moriy jihatdan, balki xalq diplomatiyasi nuqtai nazaridan ham muhim loyiha hisoblanadi.

Umuman tashrif doirasidagi kelishuvlar, xususan savdo va sanoat kooperatsiyasi ikki davlat aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohalaridagi loyihalar arzon va sifatli mahsulotlar yetishtirilishini ta’minlashi hamda transport va energetika loyihalari hayot sifati va logistika imkoniyatini yaxshilashi bilan yanada ahamiyatli.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi faol hamkorlik TDT va Yevrosiyoda iqtisodiy va siyosiy birdamlikni ham mustahkamlaydi. O‘rta yo‘lak rivoji Markaziy Osiyo va Kavkazni Yevropaga bog‘lovchi mustahkam logistika tarmog‘ini shakllantiradi.

Aytish o‘rinliki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi shunchaki rasmiy voqea emas, balki strategik, xalqlarimiz manfaatiga qaratilgan yangi davrning boshlanishidir. Bu jarayon nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa taqdirini o‘zgartirish salohiyatiga ega. Shu bois O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma loyihalari, siyosiy yaqinligi, tarixiy qardoshligi yangi geosiyosiy va iqtisodiy arxitekturadagi muhim tayanchlardan biriga aylanmoqda.

O‘tkir ALIMOV yozib oldi.

O‘zA

Powered by GSpeech