Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqotni diqqat bilan kuzatib bordim.
Biz ham yosh bo‘lganmiz. Orzularimiz, umidlarimiz, intilishlarimiz bor edi. Lekin yoshligimizning eng go‘zal lahzalarini mustabid tuzumning nochorliklari, og‘ir hayot tarzi, mashaqqatlari o‘g‘irlab oldi.
Yoshligimizning kuch-g‘ayrati paxta dalalarida qolib ketdi. Maktab o‘quvchiligi davridan boshlab majburiy mehnat qilganmiz. To dekabr oyining oxirigachapaxta terish mashaqqatlari asosan bolalar va yoshlar gardanida edi.
Men inson qadri yer bilan yakson qilingan o‘sha kunlarni alam va iztirob, afsus-nadomat bilan eslayman.
Nobel mukofoti laureati Ernest Xemingueyning “Boy berilgan avlod” iborasi bundan yuz yil avval aytilgan bo‘lsa-da, hanuz o‘zi mazmun-mohiyatini yo‘qotmagan. Aslida boy berilgan avlod emas, boy berilgan avlodlar desa to‘g‘ri bo‘ladi.
Eng dahshatlisi, O‘zbekistonda paxta qulligi mustaqillik davrida ham hukm surdi. Mustabid tuzumning paxta qulligiga majburan bo‘ysundirilgan bo‘lsak, 1991 yildan 2016 yilgacha ixtiyoriy qullik iskanjasida yashadik.
Paxta qulligining birinchi navbatdagi qurbonlari maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurti talabalari bo‘lganini hisobga olsak, uning dahshatli oqibatlarini aniqroq tasavvur qilamiz.
Men millatimni paxta qulligidan qutilishidan umid uzgan edim. Paxta qulligi mustaqil mamlakatning maktab o‘quvchisidan tortib talabasigacha o‘z domiga tortganini ko‘rib, taqdirga tan berganman.
Qullikning fojiasi nimada, deb so‘ralganda: “Qo‘lidagi kishanga mehr qo‘yishda”, deb javob berilgan ekan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi bilan O‘zbekiston tarixida ilk bor paxta qulligiga barham berildi. To‘g‘risini aytish kerak – o‘shanda bunga ishonmaganlar bo‘ldi. “Orqaga qaytiladi”, “Paxtani kim teradi?”, “Iqtisod o‘ladi”, degan bashoratchilar ham topildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Orqaga qaytish” iborasi bilan hech qachon murosa qilmagan.
Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning millatimni paxta qulligidan qutqarishini Amerika Qo‘shma Shtatlarining 16-prezidenti Avraam Linkolnning insoniyat oldidagi tarixiy xizmatlariga tenglashtirgim keldi. U 1862 yilda “Ozodlik to‘g‘risidagi proklamatsiya”ni imzolagan edi. Mazkur hujjat AQSHda qullikni tugatishga qaratilganligi bilan tarix sahifalariga muhrlangan.
Avraam Linkoln shunday yozgan edi: “Vaqti kelib, mening nomim tarixga yoziladigan bo‘lsa, faqat shu ishim uchun yoziladi. Chunki men butun qalbimni shunga bag‘ishlaganman.”
Butun qalbni bag‘ishlash nimalarda namoyon bo‘ladi?
Avvalo, xalqini yaxshi ko‘rishda, xalqiga yaxshilik sog‘inishda, xalqini rozi qilishda, xalq ishonchini oqlashda.
Majburiy mehnat nima? Paxta qulligichi? Jismoniy qullik, tafakkur qulligi emasmi?
2016–2025 yillar oralig‘i tarix uchun juda qisqa fursat. Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta qulligidan qutqargan avlod tafakkurida nimalar yuz berdi?
Millat o‘zining kamida ikki asrlik tarixida ilk bor ozod tafakkur bilan yuzma-yuz keldi. Ozod tafakkurning to‘lqinlari butun dunyoda aks-sado berdi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ozod tafakkur namoyandalari – millatimiz yoshlari bilan uchrashdi.
Prezidentimizning mana bu fikrlari etiborimni o‘ziga tortdi:
“Yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Biz yoshlarimiz uchun sharoit yaratdik, ular bundan unumli foydalanib, baland cho‘qqilarni zabt etmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.
Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”
Bugungi dunyoni kuch yoki qurol-aslaha bilan qo‘rqitib, yengib bo‘lmaydi. Jahonda tafakkur jangi yuz bermoqda. Millat tafakkurining asosiy to‘lqini yoshlar ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, fikrimiz yanada oydinlashadi.
Demak, Prezident Shavkat Mirziyoyev tafakkur ozodligi nima ekanligini oldindan ko‘ra olgan. Tafakkuri tushovlangan avlod fojialarini o‘z qalbidan o‘tkazgan.
Ozod tafakkurli avlod g‘alabali yurishlarini ko‘p kutdirgani yo‘q. Millat bugun ozod tafakkur mo‘’jizalari bilan yuzma-yuz keldi. Mana bu misollarni bir idrok qiling, insofni o‘rtaga qo‘yib tahlil eting. Bu millatga berilgan ozod tafakkurning mahsuli emasmi?
O‘zbekiston yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Bilimli yoshlarimiz ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi.
Bugungi kunda 30 nafar yoshlarimiz dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.
Ozod tafakkur natijasini bugungi Yevropa, Amerika, Yaponiya misolida ham ko‘ramiz. Millat qalbidagi qo‘rquv olib tashlandi. Fikrlash imkoniyati berildi. Yashash darajasi yaxshilandi. Turmush madaniyati oshdi. Ozod tafakkur yashab qolishi uchun yuqoridagi talablar ham juda muhim edi.
Ozod tafakkurli O‘zbekiston yoshlari nafaqat sportda, balki ilm-fan borasida ham dunyoni o‘ylashga, hisob-kitob qilishga majbur qilyapti.
Ozod tafakkurning talablari, istaklari ko‘p. Ozod tafakkurni berish va qabul qilishning o‘zi ham ulkan jasorat.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ozod tafakkur borasidagi zahmatlari, orzulari va intilishlari xalqaro miqyosda ham tan olinayotgani, e’tirof etilayotgani har birimizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi:
“O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi.
Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topildi.
Buxoro shahri Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi”.
Men bugungi Prezident va yoshlar uchrashuvida ozod tafakkur nima ekanligi bilan yuzma-yuz keldim.
Ozod tafakkurning qudratini, kuchini tasavvur qildim.
Bu boshlanishi.
O‘zbekistonning ozod tafakkurli yoshlari butun dunyoni lol qoldirishiga ishonaman.
Ozod tafakkur bu taraqqiyot, bu tinchlik, bu mustaqillikdir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 03.07.2025
- Ko'rishlar: 396
- Chop etish