Prokuratura organlari xodimlari kuni nishonlanmoqda

8 yanvar - O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. 

Qutlovda so‘nggi yillarda prokuratura organlari faoliyatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ular xalqqa yaqin bo‘lib, inson qadri, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini bevosita joylarda ta’minlayotgan tizimga aylangani alohida ta’kidlandi.

Xususan, o‘tgan yilda qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, 29 mingga yaqin tadbirkor masalalari ijobiy hal etilgani prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli profilaktika ishlari asosida og‘ir toifadagi mahallalar soni qariyb 1,5 barobar kamaydi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida minglab huquqbuzarliklarning oldi olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan katta miqdordagi zararlar undirildi.

Prezidentimiz tabrigida raqamlashtirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, tergov jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirish dolzarb vazifa ekani alohida ta’kidlandi. Prokuratura xodimlari qonun ustuvorligi va adolat timsoli bo‘lishi, xalq ishonchini oqlashi zarurligi qayd etilgan.

Tadbirda Prezident farmoni bilan orden va medallar bilan taqdirlangan prokuratura xodimlariga Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Nodira Hakimova ushbu yuksak mukofotlarni topshirdi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech