Qurolli kuchlar – xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolati

Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar hamda dinlararo do‘stlik va ahillikni yanada mustahkamlash masalasiga e’tibor qaratib, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan Senatda tashkil etilgan seminarda shu haqda gap bordi.  

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burhonov  keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli kuchlar davlat mustaqilligi, chegaralarning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda mardlik va shon-sharaf maktabiga aylandi.  Eng muhimi, xalq bilan armiya yaqin bo‘layotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda.

Senatorlar milliy armiyamizning yurtimiz tinchligi, mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni hamda zamonaviy xavf-xatarlar sharoitida oliy qonun chiqaruvchi organning yaratilgan huquqiy asoslarini takomillashtirish borasidagi mas’uliyatini alohida qayd etdi.

Shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashishda ishtirok etgan vatandoshlarimizning o‘lmas jasoratiga chuqur hurmat-ehtirom izhor etildi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech