Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro forum xorijiy nashrlar e’tiborida

Jamiyat salomatligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan transchegaraviy giyohvandlikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning yangi davri boshlandi. Samarqand yana bir muhim global chaqiriqqa yechim topishga xizmat qilgan anjumanni qabul qildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yo‘lidagi hamkorlikni ustuvor vazifa deb biladi.

SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev bu haqda 20-aprel kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Jamiyat salomatligi va xavfsizligi uchun transmilliy giyohvand moddalar tahdidlariga qarshi kurashish" xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ma’lum qildi.

Turkiyaning “Anadolu” agentligi mazkur yirik anjuman haqida maqolae’lon qildi.

Muallif giyohvand moddalarning transmilliy darajadagi tahdidiga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston amalga oshirayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, hukumatimiz tomonidan BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 30 mamlakatning 500 dan ziyod vakili, jumladan JSST, Jahon bojxona tashkiloti, YeXHT, kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar mas’ullari ishtirok etgani qayd etilgan.

Anjumanda SHHT Bosh kotibi yig‘ilish ishtirokchilarini tashkilotning tegishli mexanizmi va ushbu sohada qabul qilingan me’yoriy hujjatlari bilan tanishtirdi.

Tuzilishi rejalashtirilgan ixtisoslashtirilgan doimiy organ – SHHT Giyohvandlikka qarshi kurash markazining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. Tuzilmaning vazifasi sifatida a’zo davlatlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida samarali takliflar ishlab chiqish va amaliy choralar qabul qilish ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Yermekbayev SHHT doirasida faoliyat yurituvchi giyohvandlikka qarshi agentliklar o‘rtasidagi uch bosqichli hamkorlik mexanizmi, shuningdek har yili BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi faoliyati doirasida o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar haqida ham so‘zlab berdi.

Sun’iy giyohvand moddalar va yangi psixologik faol moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish muammosi dolzarbligi, giyohvandlikning ayniqsa ayollar, yoshlar va boshqa zaif guruhlar uchun xavfi va oqibatiga, shuningdek ushbu zararli odatning oldini olish, davolash, reabilitatsiya va ijtimoiy reintegratsiya jarayoniga alohida e’tibor qaratish zarurligi eslatib o‘tildi.

Maqolada, davlatimiz rahbarining anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, tabrikda O‘zbekiston giyohvandlik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatchilikka qarshi kurashni umumxalq harakatiga aylantirgani, barcha kuch va resurslarni safarbar qilganiga urg‘u berilgan. Jumladan, Prezidentimiz tabrigidan quyidagi iqtibos keltirilgan:

– Bugungi kunda giyohvand moddalar savdosi transchegaraviy va virtual tus olmoqda, bu esa xavf va tahdidlarni yanada kuchaytirmoqda. Jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanishi, xususan, bizdan giyohvandlikka qarshi kurashda zamonaviy yechimlar va yondashuvlarni qo‘llashni talab qiladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech