Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

Davlatimiz rahbari kuni kecha “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonunning muhim jihatlari haqida so‘zlab berdi:  

– O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining qabul qilingani jamiyat hayotining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning debochasi bo‘ldi. Jumladan, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlash borasidagi bir qator huquqiy normalar Yangi Konstitutsiyada o‘z ifodasini topdi.  

Ma’lumki, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash, adolatni yuzaga chiqarishda sudlarning o‘rni juda muhim. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy tizimni tubdan takomillashtirish va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan islohotlar amalga oshirildi. Ushbu islohotlar sud ishlarini takomillashtirish, sud qarorlarining shaffofligi va xolisligini oshirish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Yangi qonun ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qonun orqali mamlakatimiz sud tizimiga doir bir qancha huquqiy normalar kiritilib, mavjud qonun hujjatlarini yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi.  

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksining aybsizlik prezumpsiyasi normasi yangi talqinda bayon etilib, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi so‘zlari qatoriga “mahkum” so‘zi qo‘shildi. Shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.  

Shu bilan birga, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.  

Qonun bilan har bir fuqaroga sud jarayonida himoyalanish huquqi berilib, uni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.    

Eng asosiysi, sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv bermaslik huquqi joriy etildi.  

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ham bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatidan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqilligi yanada mustahkamlandi.  

Sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga yoki uning vakolatlarini to‘xtatib turishga, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Sudya vakolatiga va odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ularning hisobdor emasligi belgilandi.  

Oliy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish doirasi aniqlashtirilib, o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bilan chegaralandi.  

Shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan imkoniyatini yanada kengaytirish va mavjud qonun hujjatlarini yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha aybdor deb sanalishi qat’iyan man etildi.  

Shu bilan birga, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi va bunday harakatlarga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi hamda shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi.  

Konstitutsiyaning 140-moddasida sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi hamda u odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi mustahkamlanib qo‘yilgan.  

Mazkur qonun bilan sudlarning faoliyatini moliyalashtirish, ularning binolarini qo‘riqlash va saqlab turish Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi hamda odil sudlovni to‘liq va mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyati ta’minlashi kerakligi belgilandi. 

Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun normalari yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar tomonidan Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash hamda konstitutsiyaviy ustuvorlikni qaror toptirish bo‘yicha zarur huquqiy kafolatlar yaratildi.  

Bularning barchasi sud hokimiyatining mustaqilligi mustahkamlanishiga, sudyalikning kafolatlari yanada kuchaytirilishiga, shaxsning huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech