SHHT sammitiga G‘arb qanday baho berdi?

Ma’lumki, 31 avgust-1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan, SHHT tarixidagi eng yirik tadbir sifatida baholangan navbatdagi oliy darajadagi Sammitda 20 dan ziyod xorijiy davlat rahbarlari, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Mamlakatimiz yetakchisi anjumanda, an’anaga muvofiq, global miqyosda muhim qator tashabbuslarni ilgari surdi, dunyo yetakchilari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xalqaro ekspertlar Prezidentimiz tashabbuslari nafaqat mamlakat yoki mintaqa, balki global miqyosda alohida ahamiyat ega ekanini qayd etmoqda.

Xususan, SHHT institutlari samaradorligini oshirish, tuzilmani Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish, Yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini tiklash, 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash, “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi ishini faollashtirish butun dunyo tinchligi, barqarorligi sari qadam tashlashga chaqiriq ekani ta’kidlanyapti.

Muhim jihat shundaki, davlatimiz rahbari hamkorlar e’tiborini mazkur sammit global noaniqlik sharoitida bo‘lib o‘tayotganiga qaratdi.

Umuman, Prezidentimizning Tyanszin sammitiga “Ishonchim komilki, o‘tayotgan ushbu sammit yangi tarixiy davrni boshlab beradi va o‘zaro munosabatlarning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi” deya bergan bahosi tadbirning ahamiyatiga nisbatan munosib xulosa bo‘la oladi.

Darhaqiqat, ta’kidlaganidek, hozir dunyo hamjamiyati ishonchning tizimli inqirozi, xalqaro institutlar zaiflashuvi va jahon savdo tizimi parchalanishi jarayoniga guvoh bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda dunyo matbuoti, xalqaro ekspertlar tadbirga, xususan tuzilmaning o‘ziga ham turlicha baho berishi tasodif emas, albatta. Xavotirli tomoni, dunyo qutblarga bo‘linayotgani, AQSHning global miqyosda ustunligiga qarama-qarshi turadigan yangi kuch paydo bo‘layotganiga urg‘u berilyapti. Binobarin, Prezident Donald Tramp olib borayotgan tashqi siyosat, yangi tariflar joriy qilinishi ham, qisman, ayni xulosalarga asos sifatida ko‘rsatilmoqda. 

– SHHT Pekinning G‘arb yoki AQSH yetakchiligidagi NATO kabi tuzilmalarga qarshi kuchliroq ko‘p tomonlama muqobil jamoalar yaratishga intilishida kalit vazifasini o‘taydi, – deb yozgan “Guardian” nashri. – Bu Trampning tariflari va boshqa tashqi siyosatdagi harakatlari natijasida yuzaga kelgan o‘zgarishlar sifatida namoyon bo‘lmoqda.

– Xitoy SHHT sammitida muqobil xalqaro tartib yaratish bo‘yicha o‘z maqsadini belgilab oldi, – deya mavzuga munosabat bildirgan “Financial Times”. – Bu taklif AQSHning savdo tizimiga qilayotgan hujumi, ishonchli ittifoqchilarini haqorat qilishi, Kanada va Daniya kabi hamkorlari hududiy yaxlitligiga tahdid solishidan norozi ko‘plab mamlakatlarda aks-sado beradi.

– Si Szinpin Тяньцзинда Xitoyni G‘arbga qarshi yangi tartib markaziga qo‘yib taqdim etdi, – deb yozdi “Le Monde” gazetasi. – SHHT sammitlari hech qachon Misrdan Malayziyagacha – bunchalik ko‘p kuzatuvchi davlatlarni jamlagan emas. XXR yetakchisi tuzilmadan Qo‘shma Shtatlar va yevropaliklar anchadan beri qo‘llab-quvvatlab kelayotgan me’yorlar va qadriyatlardan voz kechish zarurligi haqidagi kengroq xabar uchun maydon sifatida foydalanmoqda. U noaniqlik kuchayib borayotgan dunyoda Xitoyni barqarorlik ustuniga aylantirish niyatida.

Fransiyaning yana bir nashri – “Libération” esa Xitoy diplomatik nufuzini ko‘rsata urg‘u berdi:

– Hozirgi voqelik AQSHning Xitoy va Hindiston bilan savdo urushi, Ukrainadagi ziddiyat va Eron yadroviy mojarosi tufayli SHHT anjumanini tarixan eng muhim sammitga aylantirdi. Tadbirning ilk aniq natijasi Himoloy tog‘idagi bahsli chegara bo‘yicha o‘nlab yil davom etgan taranglikdan so‘ng Pekin va Dehli o‘rtasidagi yaqinlashuvdir.

Germaniyaning “Süddeutsche Zeitung” nashri Xitoy Global Janubga ko‘proq ta’sir o‘tkazishga intilayotgani va Yangi Ipak yo‘li kabi sarmoyaviy tashabbuslar orqali o‘zini G‘arbdagi hamkorlarga muqobil kuch sifatida ko‘rsatayotganiga urg‘u berdi.

Janubiy Koreyada chiqadigan “Chosun Ilbo” gazetasi Si Szinpin Tyanszin sammitida global boshqaruvni isloh qilishga chaqirganiga e’tibor qaratgan:

– Si Szinpin SHHT Taraqqiyot banki tashkil etilishiga ko‘maklashish niyatini bildirdi va uch yil davomida 1,4 milliard dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishga va’da berdi. Buni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakat sifatida baholash mumkin.

Al Jazeera” telekanali SHHT Taraqqiyot bankini yaratishga chaqiruv tashkilotning keng ko‘lamli maqsadidan dalolatligini ta’kidladi:

– Xitoyning ko‘p tomonlama siyosatga intilishi Prezident Donald Tramp davridagi AQSHga nisbatan ishonchsizlik kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Masalan, hozirgi savdo urushi SHHTga a’zo, shuningdek  Xitoy va Hindiston kabi vaqti-vaqti bilan raqiblarga aylanadigan davlatlarga shikoyat qilish uchun umumiy asos beradi. Modi va Si o‘rtasidagi uchrashuv aniq natija berdi – qo‘shni davlatlar besh yil ichida birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini tiklayapti. Vaholanki, ayni jarayonda ramziy natija muhimroq. Tramp muhim ittifoqchilarni o‘zidan uzoqlashtirib, G‘arb birligiga putur yetkazmoqda, Hindiston endi AQSHga nisbatan xavfni kamaytirish siyosatini qo‘llashga majbur.

– Chinliklar Trampni Chuan Jianguo deb atashadi, ma’nosi – Xitoyni kuchli qiladigan odam, – deb yozdi “Der Spiegel” haftaligi. – SHHT a’zolarining hammasi G‘arbga qarshi emas, ko‘pchilik Pekin rahbariyatiga ham ishonmaydi. XXR bilan hududiy tortishuv, G‘arb bilan yaxshi munosabatga ega Hindiston va Vetnam bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Asta-sekin xalqaro tartib uchun eng jiddiy tahdid Xitoy emas, Tramp boshqaruvidagi AQSH bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelayotgan bu mamlakatlar endi o‘z xavfsizligi chorasini ko‘rishi oqilona ish bo‘lardi.

SHHT sammitiga Amerika matbuoti ham e’tiborsiz bo‘lmadi. Asosiy yirik nashrlar anjumandan ko‘zlangan maqsad AQSH yakka hokimligiga qarshi global janubda dunyoning qariyb yarim aholisini birlashtirgan yangi kuch shakllantirish ekaniga urg‘u bergan.

Masalan, “Washington Post yozishicha, forumda Xitoy o‘zini ishonchli hamkor sifatida ko‘rsatdi. Bu mamlakat tobora ko‘p qutbli tus olayotgan dunyoda AQSHning oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosatiga qarshi turuvchi kampaniyaning asosiy ijrochisi hisoblanadi. Bunga Tramp tariflari ham sabab bo‘ldi.

Wall Street Journal” esa SHHT sammitida hech bir muhim qaror qabul qilinmaganini ta’kidlamoqda. “Shunga qaramay, Si Szinpin, Narendra Modi va Vladimir Putin bir-biri bilan samimiy salomlashgan, “ehtiyotkorlik bilan uyushtirilgan sahna” Pekinni tiyib turish, Rossiya va Xitoy aloqasini uzish, Hindistonni RF neftidan uzoqlashtirishga urinayotgan Vashington uchun “o‘ta jiddiy ogoh qo‘ng‘irog‘i” bo‘ldi, deya xulosa qilgan gazeta.

New York Times” ham SHHT sammitini “Xitoyning AQSH hukmronligiga qarshi chiqishga urinishi” sifatida baholadi.

S.Rahimov,

O‘zA sharhlovchisi

Powered by GSpeech