Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi eng muhim kafolatlardan biri sifatida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini qonun bilan muhofaza qilish, jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun davlat shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.
Biroq, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan hollarda ushbu shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini tark etib, surishtiruv, tergov yoxud suddan yashirinish holatlari kuzatilmoqda. Natijada jinoyatdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini tiklash, ularga yetkazilgan zararlarni koplash imkoniyati pasaymoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan, jinoyat protsessida majburlov choralari institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Mazkur qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, biroq O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini tark etib, surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ularning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tartibi belgilanmoqda, — dedi deputat Ulug‘bek Qobulov. — Shuningdek, tibbiy xizmat olish yoki yaqin qarindoshining vafot etgani kabi uzrli holatlarda ushbu majburlov chorasini bekor qilish bilan O‘zbekistondan chiqishiga ruxsat berilishi belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi jabrlanuvchining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishga, uning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasining dolzarbligi e’tirof etilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.04.2025
- Ko'rishlar: 190
- Chop etish